O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 15-fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muloqot avvalida davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.
O‘tgan davrda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligini salmoqli darajada kengaytirishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlarning siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro munosabatlar strategik sheriklik darajasiga yetgani alohida ta’kidlandi.
2017-yilda uch marta oliy darajadagi tashrif muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ularning yakuni bo‘yicha hamkorlikning dolzarb masalalariga oid muhim kelishuvlarga erishildi, O‘zbekiston –Qirg‘iziston davlat chegaralari to‘g‘risida shartnoma va boshqa bitimlar imzolandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal sur’atlarda o‘smoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasi ko‘lami kengaymoqda. Transport kommunikatsiyalari sohasida, jumladan, “O‘zbekston – Qirg‘iziston – XXR” yo‘nalishi bo‘ylab avtomobil qatnovini yo‘lga qo‘yish va temir yo‘l qurishga doir strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar faollashdi.
Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajadagi o‘zaro tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish zarurligini qayd etdilar. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishini ta’kidladilar.