O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 iyulda qabul qilingan PF–3781-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi Davlat mukofotlari kengashining 2022 yilgi Davlat mukofotlari bo‘yicha taklifiga asosan mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan fundamental tadqiqotlari, zamon talablariga javob beradigan yuksak, mazmunan dolzarb ijodiy ishlari uchun:

Birinchi darajali Davlat mukofotlari quyidagilarga berilsin:

fan va texnika sohasida:

Sanakulov Kuvandik, Snitka Nikolay Pavlovich, Usmanov Rustamjon, Ergashev Ulugbek Abdurasulovich, Mustakimov Otabek Mannabiyevichga – “Texnologik va ishlanishi murakkab bo‘lgan oltin tarkibli ma’danlarni qayta ishlash va o‘zlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish” bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlanmasi uchun;

adabiyot sohasida:

Karimov Naim Fatixovichga – “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” asari uchun;

san’at va me’morchilik sohasida:

Alikulov Alisher Maxmudovichga – Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi hamda Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyida ishlangan mahobatli rangtasvir asarlari uchun.

Ikkinchi darajali Davlat mukofotlari quyidagilarga berilsin:

fan va texnika sohasida:

Kvint Vladimir Lvovichga – “Amir Temurning strategik yetakchiligi: “Tuzuklar”ga izohlar” ilmiy monografiyasi uchun;

san’at va me’morchilik sohasida (san’at va me’morchilik sohasida ko‘zda tutilgan 1 ta ikkinchi darajali Davlat mukofoti o‘rniga 2022 yil uchun istisno tariqasida 2 ta ikkinchi darajali Davlat mukofoti berilishi belgilansin):

Mirtadjiyev Djalalitdin Tursunovichga (marhum) – mustaqillik yillarida O‘zbekistonda va bir qator xorijiy mamlakatlarda ishlangan haykaltaroshlik asarlari uchun;

Muxammeddinov Najimaddinga – “Gulla-yashna, O‘zbekistonim!” simfonik poemasi, “Ayjamal” baleti va “Guloyim” operasiga yozilgan musiqiy kompozitsiyalari uchun.

O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti                               Sh.Mirziyoyev