O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda respublikada yer uchastkalaridan oqilona va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, ularni muhofaza qilish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qayta muomalaga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik,  yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, jumladan, noqonuniy qurilmalar qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari uchrayotganligi bu borada raqamli texnologiyalardan keng foydalanish orqali yagona nazorat tizimini joriy etish hamda vakolatli idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Yer uchastkalaridan samarali foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar talon-toroj qilinishining oldini olish, mazkur jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6243-son farmonida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasida nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida prokuratura organlari zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

yer uchastkalarini ajratish, yangi yerlarni o‘zlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi muomalasiga kiritish bilan bog‘liq respublika va mahalliy дaстурлaрдa belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishi yuzasidan muntazam nazorat o‘rnatish;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ajratishдa Yer kodeksida belgilangan talablarga rioya qilinishini ta’minlash yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron – “E-qaror” tizimini (keyingi o‘rinlarda – “E-qaror” elektron tizimi) doimiy ravishda monitoring qilish hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan qarorlarga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rib borish;

yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanishi ustidan qat’iy prokuror nazoratini o‘rnatish;

yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam o‘rganib borish, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish;

ilg‘or xorijiy tajriba asosida yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek, sohaga yo‘naltirilayotgan tegishli byudjetdan tashqari mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari maqsadli sarflanishini o‘rganib borish.

2. Prokuratura organlari zimmasiga yuklangan qo‘shimcha vazifalar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – Boshqarma), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida esa umumiy soni 56 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda – bo‘limlar) tashkil etilsin.

Yangi tashkil etilayotgan Boshqarma va bo‘limlar prokuratura organlarining 32 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimining 15 ta, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimining 7 ta, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining 10 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantirilsin.

Boshqarma va bo‘limlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi PF-6243-son farmoni bilan yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalarga yuklatilgan vazifalarning ijro etib borilishini tashkillashtirsin.

3. Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 martdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;

b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi, bunda:

mazkur so‘rovlar 5 ish kunida majburiy tartibda ko‘rib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari so‘rovlar asosida olingan ma’lumotlarni o‘z binosida barcha fuqarolar uchun ko‘rinarli bo‘lgan joyda joylashtiradi hamda aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.

Kadastr agentligi ikki oy muddatda Yer kodeksining 84-moddasida nazarda tutilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va noqonuniy foydalanish bo‘yicha xabar bergan shaxslarni pul mukofoti bilan rag‘batlantirish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

4. Belgilansinki, yerga oid huquqbuzarliklarning monitoringini yuritish bo‘yicha yaratilgan “Ye-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – “Ye-YER NAZORAT” tizimi) takomillashtirish maqsadida:

“Ye-YER NAZORAT” tizimiga yerga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida kiritish va huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish uchun Kadastr agentligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Majburiy ijro byurosi va ularning hududiy bo‘linmalari hamda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mas’ul hisoblanadi;

“Ye-YER NAZORAT” tizimida yer uchastkalari bilan bog‘liq sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlar xaritasi alohida yuritiladi.

Kadastr agentligi Bosh prokuratura va boshqa vakolatli organlar bilan birgalikda bir oy muddatda “Ye-YER NAZORAT” tizimiga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari haqidagi ma’lumotlarni kiritish tartibini belgilasin.

5. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlariga doir hujjatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini ta’minlash maqsadida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra tashkil etilayotgan Boshqarma Adliya vazirligi bilan birgalikda:

“E-qaror” elektron tizimi orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlariga doir hujjatlarini doimiy ravishda monitoring qilib boradi;

monitoring natijalariga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan qarorlar yuzasidan darhol prokuror nazorati ta’sir choralari qo‘llanilishini ta’minlaydi.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ:

uch oy muddatda o‘z tizimidagi korxona va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xatlovdan o‘tkazsin hamda keyinchalik doimiy ravishda yer uchastkalaridan samarali foydalanilishini o‘rganib borsin;

har chorakda o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni Bosh prokuraturaga taqdim etib borsin.

Mazkur bandda nazarda tutilgan vazirlik va idoralar rahbarlariga biriktirilgan yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda ular talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.

7. “O‘zbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar sinov tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlari hamda Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent tumanlarida o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralarini ko‘rsin.

Vazirlik va idoralar “O‘zbekkosmos” agentligi so‘roviga asosan unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarning belgilangan tartibda taqdim etilishini ta’minlasin.

Bunda kosmik suratlarni olish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekkosmos” agentligi va Kadastr agentligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Kadastr agentligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda o‘tkazilgan sinov natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni respublikaning butun hududida joriy etish yuzasidan takliflarni 2023 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari o‘zlarining yuridik xizmatlari, hududiy adliya va prokuratura organlari bilan birgalikda mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining yer uchastkalari berish haqidagi qarorlarini quyidagi grafik asosida xatlovdan o‘tkazib, ularning elektron nusxalarini yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash uchun tuman (shahar) sektor rahbarlari hamda hokim yordamchilariga taqdim etilishini ta’minlasin:

2022 yil 1 mayga qadar – 2016-2021 yillarda qabul qilingan qarorlar;

2022 yil 1 avgustga qadar – 2006-2015 yillarda qabul qilingan qarorlar;

2023 yil 1 yanvarga qadar – 2006 yilgacha qabul qilingan qarorlar.

“O‘zarxiv” agentligi hududiy adliya va prokuratura organlari bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar davlat arxivlari saqloviga berilgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi qarorlari, kolxozlar a’zolarining umumiy majlislari bayonnomalari, sovxozlar va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining buyruqlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning elektron nusxalarini muntazam ravishda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash uchun tuman (shahar) sektor rahbarlari hamda hokim yordamchilariga taqdim etilishini ta’minlasin.

Hokim yordamchilari xatlov natijasida aniqlangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida fuqarolarga faol amaliy yordam ko‘rsatsin.

9. Yer kodeksining 831-moddasida yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirish hisoblanmasligi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish maqsadida:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ekin yerlaridan oqilona va samarali foydalanilishi, rejadagi ekinlarning ekilishi va parvarishlanishi ahvoli bo‘yicha har chorakda kamida bir marotaba monitoring o‘tkazsin;

Kadastr agentligi yer toifasidan qat’i nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rsin, yerdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini kuchaytirsin.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Kadastr agentligi amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida har chorak yakunidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuraturaga axborot berib borsin.

10. Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan tezkor-qidiruv faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, hududiy tezkor-qidiruv xizmatlarida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmalari tashkil etilsin.

Yangi tashkil etilayotgan tuzilmalar 73 ta shtat birligidan iborat bo‘lib, ular ichki ishlar organlarining 30 ta, adliya organlari va muassasalarining 43 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantirilsin.

11. Belgilansinki:

prokuratura va ichki ishlar organlari tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalarga o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar)dan, zaruratga ko‘ra, to‘lovsiz foydalanish huquqi beriladi;

Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tarkibidagi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi va uning hududiy bo‘linmalarining yer munosabatlariga oid jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish prokuratura organlarining mazkur qaror bilan tashkil etilayotgan boshqarma va bo‘limlari zimmasiga yuklatiladi.

Kadastr agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda prokuratura va ichki ishlar organlari tizimida yangi tashkil etilayotgan tuzilmalarga ko‘chmas mulk ob’ektlari, ularning mulkdorlari va egalik tarixi haqida ma’lumotlarni Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning Davlat reyestridan onlayn olish imkoniyatini yaratsin.

12. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tashabbusi bilan aniqlangan yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlari bo‘yicha davlat manfaatlariga yetkazilgan zararlarni belgilangan tartibda undirishdan tushgan mablag‘larning 10 foizi tegishincha mazkur organlarning byudjetdan tashqari jamg‘armalariga o‘tkazib borilsin.

Prokuratura va ichki ishlar organlarining yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari xodimlarini ularga yuklatilgan vazifalardan tashqari boshqa ishlarga jalb qilish qat’iy taqiqlansin.

13. Oliy sud:

2022 yil 1 aprelga qadar yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni buzish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish amaliyotini umumlashtirib, bu toifadagi ishlarni ko‘rishda yagona amaliyotni shakllantirish bo‘yicha sudlarga zaruriy tavsiyalarni bersin;

2022 yil 1 iyulga qadar mulk huquqi e’tirof etilmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari bilan bog‘liq holatlarni batafsil o‘rganish ishlarini tashkil etsin hamda natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflarni kiritsin.

14. Bosh prokuratura manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

15. Bosh prokuratura mazkur qaror talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining tashkiliy-shtat tuzilmalarini tasdiqlasin.

Moliya vazirligi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tegishincha Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari hamda ichki ishlar organlarining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N.T.Yo‘ldoshev, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev va Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D.Kudbiyev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

      O‘zbekiston Respublikasi

                  Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 21 fevral