Yurtimizda oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va turli zo‘ravonliklardan asrash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi huquqiy asoslar takomillashtirib borilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Quyi palata tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan loyiha bo‘yicha mas’ul qo‘mita tomonidan bir necha marotaba ishchi guruh yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Tegishli vazirlik va idoralar vakillari, siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari, huquqshunoslar ishtirokida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda ham qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqilib, uni yanada takomillashtirish va maromiga yetkazish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan Oila kodeksining 41-moddasiga oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan er yoki xotinning talabiga ko‘ra, sud tomonidan ishni ko‘rishda yarashish uchun muhlat tayinlanmasdan qaror chiqarilishi ko‘zda tutilgan norma taklif etilmoqda.
Shuningdek, Uy-joy kodeksiga sud turar joyga majburiy tartibda kiritish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqishda, qarzdor (mulk egasi bo‘lgan er yoki xotin)ning tashabbusiga asosan ushbu turar joyni munosib sharoitga ega bo‘lgan boshqa turar joyga almashtirishi yoki taraflarning kelishuviga asosan ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini qarzdorga yuklash bo‘yicha norma kiritilyapti.
Qonun loyihasi bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokamalarda qonun loyihasini palataning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga ikkinchi o‘qishga kiritish uchun tayyorlash bo‘yicha takliflar berildi.
M.Komilova, O‘zA