Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʻat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Oʻtgan yillar davomida mamlakatimizda madaniyat va sanʻatni qoʻllab-quvvatlash, milliy madaniy va maʻnaviy merosni saqlash hamda koʻpaytirish, xalqimizni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash va xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ushbu sohada madaniyat va sanʻatni yanada rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar mavjud. Jumladan:
birinchidan, metsenatlar va homiylar yordamini jalb qilishni ragʻbatlantiradigan samarali huquqiy mexanizmlarning yoʻqligi respublika madaniyat va sanʻat muassasalari faoliyatini, eng avvalo, muqobil manbalar hisobidan munosib tarzda moliyalashtirishni taʻminlash imkonini bermayapti, bu esa byudjet mablagʻlariga haddan ortiq qaramlikni keltirib chiqarmoqda;
ikkinchidan, xodimlarning kasbga tayyorgarlik darajasi hamda madaniyat va sanʻat muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifati zamonaviy talablarga va xalqaro standartlarga mos kelmaydi, bu esa ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jalb etuvchanligini pasaytirmoqda;
uchinchidan, mahalliy madaniyat va sanʻat muassasalarining jahon madaniy makoniga puxta integratsiya qilinmaganligi mamlakatimizning ijobiy qiyofasini shakllantirishda va mintaqaning madaniy markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashda mavjud boy madaniy-tarixiy merosdan hamda madaniyat va sanʻatning zamonaviy yoʻnalishlaridan toʻliq foydalanish imkonini bermayapti;
toʻrtinchidan, madaniy meros obyektlari, respublikaning muzey, arxiv, kutubxona va boshqa jamgʻarmalari butligini taʻminlashga lozim darajada eʻtibor qaratilmayapti, bu esa mamlakat madaniy-tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga kompleks yondashish imkonini bermayapti.
Madaniyat va sanʻat sohasini innovatsion rivojlantirishni taʻminlash, madaniyat va sanʻat muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, aholining ularga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish, mamlakatimizning jahon madaniy makoniga integratsiyalashuvini taʻminlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʻatni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb yuritiladi), Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi Muzeylar renovatsiya dasturini (keyingi oʻrinlarda – Renovatsiya dasturi) eksperiment tarzida amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
muzeylar byudjetining kamida 30 foizini tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar hisobidan, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish orqali, shuningdek, muzeylar byudjetining kamida 15 foizini xayriya mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi oʻzini oʻzi taʻminlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;
muzeylar infratuzilmasini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish orqali koʻrsatiladigan xizmatlarning interaktivligini oshirish, shu jumladan, “smart”-texnologiyalarni (axborot doʻkonchalari, 3-D vizualizatsiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;
aholi, eng avvalo, yosh avlod uchun moʻljallangan, Internet tarmogʻidan foydalangan holda, muzeylarning faoliyatiga innovatsion axborot texnologiyalari keng joriy etish va muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini koʻrish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;
koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish uchun muzeylarning maʻmuriy tuzilmasini takomillashtirish;
xodimlarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni eng yaxshi jahon amaliyotlariga muvofiq muzeylarning rahbar lavozimlariga ochiq tanlov asosida jalb qilish amaliyotini joriy etish;
mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish va tanitish maqsadida muzeylarning ijtimoiy makonga toʻliq integratsiyalashuvini taʻminlash;
muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat koʻrsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;
muzeylarda akademik tadqiqotlarni, shu jumladan, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish orqali mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarni jalb qilgan holda rivojlantirish.
Belgilab qoʻyilsinki:
Renovatsiya dasturi Oʻzbekiston amaliy sanʻat muzeyida (Toshkent shahri), I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʻat muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi;
Renovatsiya dasturi Jamgʻarma, mahalliy hamda xorijiy donorlar va metsenatlar mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direktori zimmasiga Renovatsiya dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-2020 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʻat sohasini innovatsion rivojlantirish “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
respublikada madaniyat va sanʻatni qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
madaniyat va sanʻat muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning sifat darajasini oshirish;
madaniyat va sanʻat muassasalari xodimlari malakasini oshirish.
Vazirlik va idoralar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan masʻul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
3. Renovatsiya dasturini, “Yoʻl xaritasi”ni hamda respublikaning madaniyat va sanʻat sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalarini yaratish maqsadida Jamgʻarmaga lotereyalar tashkil etish va oʻtkazish huquqi berilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
lotereyalar tashkil etish va oʻtkazishdan tushadigan daromadlar Jamgʻarmaning ixtiyorida qoladi va ulardan ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan maqsadlar uchun foydalaniladi;
lotereya chiptalarini tarqatish va ular boʻyicha yutuqlarni toʻlash Jamgʻarma bilan tuzilgan agentlik bitimlari asosida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ va aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi;
lotereya chiptalari reklamasi ijtimoiy reklama axboroti hisoblanadi.
4. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarmaning xarajatlar smetasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin, unda lotereya tashkil etish va oʻtkazish, shu jumladan, zarur tiraj uskunasini xarid qilish va lotereyalarni uyushtiruvchilarga qonun hujjatlariga muvofiq qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlarini qondirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar nazarda tutilsin.
5. Lotereya tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologiyalar va asbob-uskunalarni belgilangan tartibda tuziladigan roʻyxat boʻyicha olib kirishda Jamgʻarma 2021-yil 1-sentyabrgacha bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilsin (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlovlar mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamgʻarma va boshqa manfaatdor idoralar, shuningdek, madaniyat va sanʻat sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Metsenatlik faoliyati va madaniy homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin. Qonun loyihasida boshqalar qatorida quyidagilar nazarda tutilsin:
madaniyat va sanʻat muassasalariga, shu jumladan, jismoniy shaxslarga yordam koʻrsatuvchi metsenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish uchun huquqiy asoslar yaratish;
soliq imtiyozlari (chegirmalar) olish huquqini saqlab qolgan holda madaniyat va sanʻat muassasalarini qoʻllab-quvvatlash shakllarini va uslublarini kengaytirish (muayyan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, mol-mulk huquqini berish va hokazo);
madaniyat va sanʻat muassasalarini jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy uslublarini joriy etish;
metsenatlik va homiylik yordamini olayotganlarning hisob berish tizimini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni takomillashtirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Jamgʻarma, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quydagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
madaniyat va sanʻat muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operatsiyalarining yagona elektron tizimini (keyingi oʻrinlarda – CHOYAET) joriy etish va uning ishlash tartibini belgilash;
CHOYAETga ulangan respublika madaniyat va sanʻat muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalanish;
elektron chiptalarni chipta apparatlari va avtonom bosma uskunalardan foydalanib, elektron chiptalarni, shu jumladan, chipta tarqatuvchi yuridik shaxslar tomonidan vositachilik shartnomalari asosida erkin muomalaga chiqarish va realizatsiya qilish uchun huquqiy asoslar yaratish;
elektron chiptalar rekvizitlariga, shuningdek, madaniyat va sanʻat muassasalarining elektron chiptalarni muomalaga chiqarish, hisobga olish va tasdiqlash uchun foydalanadigan moddiy-texnik bazasiga eng kam talablarni joriy etish;
CHOYAET doirasida chiptalarni realizatsiya qilish boʻyicha operatsiyalarni himoya qilishga, chiptalarni keyinchalik balandroq narxda qayta sotish uchun yoppasiga sotib olinishiga yoʻl qoʻymaslikka doir choralarga eng kam talablarni joriy etish;
CHOYAET doirasida chiptalarni sotishdan tushgan tushumdan CHOYAETni saqlash, shuningdek, Renovatsiya dasturida va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga yuboriladigan yigʻim joriy etish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                                             SH.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2018-yil 26-avgust