O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jahon bozorida raqobatning tobora keskinlashuvi sharoitida mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni ko‘tarish orqali kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyot va moliya sohasidagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish, ularda samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, o‘quv jarayonlariga eng so‘nggi pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida tashkil etish, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada oshirish, ilg‘or xorijiy tajribaga ega ilmiy-pedagogik kadrlarni keng jalb qilish mamlakat iqtisodiyoti hamda moliya tizimlari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi hisoblanadi.

Iqtisodiyot va moliya sohalari uchun yuqori malakali hamda xalqaro talablarga mos mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, o‘quv hamda ilmiy jarayonlarni xalqaro standartlarga asoslanib innovatsion shakl va usullar asosida tashkil etish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasining Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini unga Toshkent moliya instituti va Fiskal institutni (keyingi o‘rinlarda – Universitet) qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari bo‘yicha dunyodagi so‘nggi tendensiyalar, moliyaviy texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajriba va real iqtisodiyot talablarini hisobga olgan holda oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, ta’lim va tadqiqot uyg‘unligini ta’minlash orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or innovatsion ishlanmalar yaratish, talabalarda tizimli tahlil qilish, kreativ fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;

zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalar va simulyatsion markazlar tashkil etish orqali “ta’lim – fan – innovatsiya –raqamlashtirish” ekotizimini va sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini samarali yo‘lga qo‘yish;

iqtisodiyot, moliya va soliq sohalarini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;

jahon ta’lim va ilmiy makonida Universitetning nufuzini oshirish, yetakchi xorijiy universitetlar bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish.

3.  Belgilansinki:

a) Universitet iqtisodiyot, moliya va soliq sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda metodik ta’minot bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

b) Toshkent moliya instituti va Fiskal institutda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

v) Universitetda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

ta’lim jarayoni davlat tili, ingliz tili va boshqa xorijiy tillarda olib boriladi;

bakalavriat va magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida xorijiy tillarda o‘qitiladigan guruhlar tashkil etiladi;

ta’lim dasturlari xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturi asosida bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi;

ta’lim jarayoniga yetakchi professor-o‘qituvchilar hamda tegishli sohalarda kamida 5 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lgan iqtisodiyot, moliya va soliq tizimlarida ishlagan mutaxassislar jalb etiladi;

iqtisodiyot, moliya va soliq sohasi xodimlarining malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

g) Universitetga talabalarni o‘qishga qabul qilish 2024/2025 o‘quv yilidan boshlanadi. Bunda, davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilish davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida belgilanadi;

d) Universitet:

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi Universitet faoliyatini samarali tashkil etish, malaka talablarini ishlab chiqish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalarga amaliyot bazalarida sharoitlar yaratishda kadrlar buyurtmachisi sifatida ko‘maklashadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;

Toshkent moliya instituti va Fiskal institutning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

4.  Quyidagilar:

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kuzatuv kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2024 – 2027 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida kadrlar tayyorlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, ilmiy salohiyatni oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan ob’ektlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.

5. Kuzatuv kengashi (Qo‘chqorov):

a) 2024 yil 1 aprelga qadar Universitetning boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish chorasini ko‘rsin;

b) 2024/2025 o‘quv yili boshlanguniga qadar tajribaga ega bo‘lgan loyihalashtirish tashkilotini jalb qilsin va Universitetning mavjud hududlari va bino-inshootlari negizida zamonaviy kampusni bunyod etish bo‘yicha master rejani ishlab chiqsin hamda unda quyidagilarni nazarda tutsin:

Universitetning Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Olmazor ko‘chasi, 183-uy manzilidagi hududida xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv auditoriyalari, kovorking markazlari, IT laboratoriya, biznes inkubator va anjumanlar zalini o‘z ichiga olgan multifunksional ko‘p qavatli binoni barpo etish;

Universitet kampusi va ulardagi bino-inshootlarni yuqori tezlikdagi internet bilan yagona tarmoqqa bog‘lash, o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

talabalar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida ma’nan va jismonan eskirgan binolar o‘rnida yangi talabalar turar joyi, zamonaviy sport zallari, oshxonalar va boshqa bino-inshootlarni qurish.

6. Universitetda mablag‘lari homiylik xayriyalari hisobidan shakllantiriladigan Universitetni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Universitetga tushgan to‘lov-kontrakt mablag‘larining saqlash va joriy xarajatlardan ortgan qismi Universitetni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi hamda ta’lim jarayonini yaxshilash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun Kuzatuv kengashining qaroriga muvofiq ishlatiladi.

7. Kuzatuv kengashi (Qo‘chqorov), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Universitet faoliyatini takomillashtirish va ta’lim sifatini oshirish maqsadida ikki oy muddatda xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Universitet huzurida Transformatsiya markazini tashkil etsin.

Transformatsiya markazi quyidagilar uchun mas’ul etib belgilansin:

Universitetni 2030 yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1 000 talik ro‘yxatga kiritish, shuningdek, Universitet ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan strategiyani ishlab chiqish;

xorijiy tajribaga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini maqbullashtirish hamda Universitetning ta’lim dasturlarini xalqaro ta’lim dasturlariga muvofiqlashtirish;

2024 – 2025 yillarda xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida kamida 200 nafar yetakchi professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;

Universitetning ta’lim dasturlarini xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining dasturlari asosida ishlab chiqish.

8. Belgilansinki, Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2024 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2025 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

9. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                              Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 7 fevral