Pandemiya davrida dafn marosimlari 10-15 kishi bilan oʻtkaziladi

Bunga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi qanday munosabat bildirdi?
– Yurtimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida barcha turdagi ommaviy tadbirlar, shu jumladan, bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, shuningdek, teatr, kino va konsert dasturlari hamda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishi (dafn marosimlari 10-15 kishidan koʻp boʻlmagan hollar bundan mustasno) toʻxtatilgan.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashi koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish fatvosida ham janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda oʻqilsin, deya alohida taʼkidlanadi. Darhaqiqat, mayitga janoza oʻqish farz boʻlib, vafot etgan kishining yaqinlari ishtirokida ado etilsa kifoya.
Moʻtabar manbalarda ham ulugʻlarimiz vafot etgan kishining janoza namozini tezlik bilan ado etib, dafn etishga shoshilganlari bayon qilingan. Taʼkidlash joizki, janoza, dafn, taʼziya va shunga bogʻliq marosimlarni ixcham tarzda oʻtkazish barobarida epidemiya hamda karantin talablari bilan bogʻliq talablar, xususan, gigiyena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim boʻladi.
Avvalo bunday damlarda Alloh taolodan barchaga sihat salomatlik soʻraymiz. Parvardigorning taqdiri ila bu foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qilgan insonlarning janoza namozi va maʼrakalarini ayni kunlardagi ogʻir kasallik pandemiyasi davrida ixcham shaklda oʻtkazish shariatimizning talabi hisoblanadi.
Hayot bor ekan sinov bor, qiyinchiliklar bor. Bu haqiqatni shu kunlarda yana-da chuqurroq his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Fursatdan foydalanib, vaziyatni toʻgʻri tushunib, koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlayotganliklari uchun barcha moʻmin musulmonlarimizga yana bir bor tashakkurlar aytamiz.
Homidjon Ishmatbekov,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari.

 

OʻzA