Toshkentda Berdaq haykali oʻrnatildi

Toshkent shahri Mirobod tumanining Nukus va T.Shevchenko koʻchalari chorrahasida qoraqalpoq klassik shoiri Berdaq haykali oʻrnatildi.
Haykal tagida “Qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Berdaq Qargʻabay oʻgʻli” deb yozilgan. Haykalning tayyorlanishi va oʻrnatilishi jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddi va masʼul xodimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi rahbariyati bevosita ishtirok etdi.
– Haykalning oʻrnatilishi yurtboshimiz rahnamoligida bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning uzviy davomi hamda buyuk shoirimizga koʻrsatilayotgan yuksak hurmat-ehtirom belgisidir, – deydi Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinov. – Bu kabi xayrli ishlardan biz ijodkorlar mamnunmiz, albatta.
Shoirning yangi haykalini yaratish va Toshkent shahrida oʻrnatish tashabbusi Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan boʻlib, u Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan ijodkor ziyolilar, olimlar, yozuvchi va shoirlarimizning bildirgan tavsiyalarga muvofiq tayyorlandi.
Haykalning rasmiy ochilish marosimi Mustaqillik bayramining 28 yilligi arafasida oʻtkazilishi belgilangan.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA