Hokimlarning rais maqomi bekor qilinmoqda

Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senati Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati va kelgusidagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan komissiya majlislarida 12 ta masala muhokama qilindi. Jumladan, Senatning yalpi majlislarida Qashqadaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hokimlarining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotlari eshitildi.
Bu esa mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, ularni muhokama qilish va bartaraf etishning samarali chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini berdi. Bunda asosan joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, aholini elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash kabi holatlarga alohida e’tibor qaratildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
Komissiya tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari tuman Kengashlarida muhokama qilinishi amaliyoti monitoring asosida o‘rganildi. Endi har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlari deputatlari, har oyda esa fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish ustidan izchil deputatlik va jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, muhokamalar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Toshkent viloyatining tuman va shaharlarida hududlarni kompleks rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash choralariga bag‘ishlangan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining sessiyalari o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor aholi bandligini ta’minlash, bo‘sh turgan binolar, qurilishi tugallanmagan ob’ektlar, foydalanilmayotgan yer maydonlari va ular negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi. O‘tkazilgan sessiyalarda 82 nafar mansabdor shaxsning axboroti eshitildi va muhokama etilgan 75 ta masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
– Har chorak yakuni bo‘yicha mahalliy Kengashlarda budjet daromadlari bazasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining hisobotlari eshitilmoqda, – deydi Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi Tolibjon Madumarov. – Komissiyamiz o‘z faoliyatida qabul qilingan dastur va hujjatlar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, hokimiyat vakillik organlari faoliyati samaradorligi va ochiqligini ta’minlashga qaratilgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan holda to‘plash va qayta ishlash imkonini ta’minlovchi axborot resurs va namunaviy saytlarini yaratish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Joriy yil 14 fevralda Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan viloyat, tuman, shahar hokimlarining xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasini o‘rganish yuzasidan ishchi guruh tuzildi. Mazkur ishchi guruh va komissiya tomonidan hokimlarning xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi va Oliy Majlis palatalari kengashlarining uni tasdiqlash bo‘yicha qo‘shma qarori qabul qilindi.
Tadbirda kelgusida amalga oshiriladigan rejalar haqida ham so‘z yuritildi.
Komissiya a’zolari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

 

Abdulaziz MUSAEV, O‘zA