Hind sori yuzlanmoq bugun yuzqaroligʻ emas

Oʻzbekistonning doʻstlari koʻp. Qator davlatlar bilan munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Har bir hamkor mamlakat bilan aloqalarimiz oʻzining alohida xususiyatlariga ega boʻlib, ular haqida uzoq gapirish mumkin. Masalan, Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimiz haqida soʻz ochilsa, “biz bir qushning ikki qanotimiz”, deymiz.

Bu munosabatlarning barchasi juda qadrli.

Ammo Hindiston haqida gap ochilsa, odam boshqacha entikib ketadi. Boburshohning ikkinchi vatani boʻlgan ushbu sehrli oʻlka eng koʻhna falsafasi, boy tarixi, oʻxshashi yoʻq anʼanalari, nafis adabiyoti, qiyosi topilmas madaniyati va sanʼati bilan ongu shuurimizda ehtiros uygʻotib, dunyoda muhabbat, sadoqat, halollik muqarrar gʻalaba qozonishiga ishonchimizni mustahkamlaydi.

Koʻpchiligimiz hind filmlari, hind musiqasi va raqsi bilan ulgʻayganmiz. Toʻgʻri, boshqa mamlakatlarning musiqa va kinematografiyasida ham ajoyib asarlar mavjud. Lekin Hindiston ijodkorlari qandaydir ayro jozibaga ega.

Hindlarning bizga, aynan Oʻzbekiston va oʻzbeklarga munosabati ham oʻzgacha. Eslab koʻraylik: shoʻro davlati juda qahrli imperiya edi, hech kim bilan munosabat qurishga yoʻl qoʻymasdi. Shunday murakkab sharoitda “Ming bir kecha”ning durdonalaridan boʻlgan ajoyib ertak haqidagi “Ali Bobo va qirq qaroqchi” filmini Hindiston aynan Oʻzbekiston bilan birga ishladi. “Sevgi afsonasi” filmi toʻgʻrisida ham shuni aytish mumkin.

photo5287698710039472550.jpg

Oʻz davrida Botir Zokirov va Luiza Zokirova ijrosidagi “Mechali” qoʻshigʻini hindlar koʻz yoshi bilan tinglagan. Bu oʻrinda qiziq voqea yodga tushadi. Ikki ijrochi qoʻshiqni xuddi muhabbat bobidagi ayriliq shaklida kuylaydi. Lekin bir hind sanʼatkori bu sevgi va hijron qoʻshigʻi emas, ona bilan uning suvga oqib ketayotgan bolasi toʻgʻrisidagi fojia, ularning soʻnggi nolalalari ekanini aytadi. Agar Botir Zokirov Oʻzbekistondan boʻlmaganida, unga bunday maslahat berishmas edi. “Qoʻshiqni bir aytdi-qoʻydi-da” deb ijro shaklini tuzatishga harakat qilmagan boʻlardim”, deydi oʻsha hind sanʼatkori.

Oʻzbekiston shoʻro davlatining madaniy markazi emas edi. Shunga qaramay, Bollivudning eng katta yulduzi boʻlgan Raj Kapur Oʻzbekistonga koʻp kelardi. Boshqa joyga bormasdi. Buni alohida taʼkidlash kerak. Zero, uning tashriflari oʻsha uzoq yillarda ham Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlariga hindlar boshqa koʻz bilan qaraganidan darak beradi.

Siyosiy jihatdan olganda ham Toshkent-Dehli muloqoti ancha avval qaror topganini koʻramiz. 1966 yilda Hindiston bilan Pokiston oʻrtasidagi tinchlik muzokaralari Toshkentda oʻtgan. Oʻsha yili 10 yanvar kuni urushga chek qoʻyuvchi Toshkent deklaratsiyasi imzolangan.

photo5287698710039472551.jpg

Vaholanki, bu muzokaralar shoʻro davlatining poytaxtida oʻtishi, mashhur deklaratsiyaning nomi oʻsha shahar nomi bilan atalishi mumkin edi.

Afsuski, sulh tuzilgan kuning ertasiga Hindistonning ikkinchi Bosh vaziri Laʼl Bahodur Shastri Toshkent shahrida vafot etdi. Lekin Oʻzbekiston rasmiy taʼziya bilan cheklanmadi. Toshkentda Laʼl Bahodur Shastri haykali barpo etildi, eng katta koʻchalardan biriga uning nomi berildi. Mubolagʻa boʻlmaydigan gap: Toshkentda Shastri koʻchasini bilmaydigan odam yoʻq.

Bugunning gapini aytadigan boʻlsak, birgina misol bilan cheklanamiz. Yil sayin nufuzi ortib, taʼsir doirasi kengayib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga Hindistonning qoʻshilishi aynan Oʻzbekiston bilan bogʻliq. 2016 yil Toshkentda boʻlib oʻtgan SHHT sammitida Hindiston Respublikasi rasman ushbu tashkilot safidan joy oldi. Aytish kerakki, Dehlining bu ezgu orzusi amalga oshishi uchun Toshkent koʻp saʼy-harakat qildi.

Hindiston haqida gap ketganda, buyuk temurzoda Mirzo Bobur toʻgʻrisida soʻzlamaslik mumkin emas. Xalqlarimizning tarix, adabiyot, musiqa, rassomlik va meʼmorlik borasidagi koʻpdan-koʻp merosi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, buning negizida Boburshoh va boburiylarning hayot va faoliyati mujassamdir.

photo5287698710039472552.jpg

Bugun Dehliga borasizmi, Mumbaygami, yoki boshqa shahargami, Hindistondagi eng sara mehmonxona, restoran, savdo majmualari “Toj Mahal” deb atalishini koʻrasiz. Boburshoh va uning avlodlari barpo etgan, ulardan avval va keyin hind xalqi qurgan inshootlar koʻp ekaniga qaramay, Toj Mahal Hindistonning eng mashhur durdona-obidasiga aylangan. Uni “yangi yetti moʻʼjiza”dan biri, deb ham ataydilarki, buni aslo inkor etib boʻlmaydi.

Bu qadar yaqin va qadrdon mamlakat bilan hamkorligimiz bugungi kunda yangi zamon talablari asosida rivojlanib bormoqda. Qoʻshma korxonalar soni, tovar ayirboshlash hajmi, xalqaro maydondagi siyosiy hamkorlik toʻgʻrisidagi barchaga maʼlum masalalarga, oʻylaymizki, toʻxtalishning hojati yoʻq. Faqat bir ishonchni taʼkidlash mumkin: bizning munosabatlarimiz hamisha yuksak pogʻonalarda boʻlgan va shunday boʻlib qolaveradi.

Anigʻi shuki, hind sori yuzlanmoq yuzqaroliq keltirmaydi.

 

Muzayyana Mashrabxon, OʻzA