Oʻzbekistonning doʻstlari koʻp. Qator davlatlar bilan munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Har bir hamkor mamlakat bilan aloqalarimiz oʻzining alohida xususiyatlariga ega boʻlib, ular haqida uzoq gapirish mumkin. Masalan, Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimiz haqida soʻz ochilsa, “biz bir qushning ikki qanotimiz”, deymiz.
Bu munosabatlarning barchasi juda qadrli.
Ammo Hindiston haqida gap ochilsa, odam boshqacha entikib ketadi. Boburshohning ikkinchi vatani boʻlgan ushbu sehrli oʻlka eng koʻhna falsafasi, boy tarixi, oʻxshashi yoʻq anʼanalari, nafis adabiyoti, qiyosi topilmas madaniyati va sanʼati bilan ongu shuurimizda ehtiros uygʻotib, dunyoda muhabbat, sadoqat, halollik muqarrar gʻalaba qozonishiga ishonchimizni mustahkamlaydi.
Koʻpchiligimiz hind filmlari, hind musiqasi va raqsi bilan ulgʻayganmiz. Toʻgʻri, boshqa mamlakatlarning musiqa va kinematografiyasida ham ajoyib asarlar mavjud. Lekin Hindiston ijodkorlari qandaydir ayro jozibaga ega.
Hindlarning bizga, aynan Oʻzbekiston va oʻzbeklarga munosabati ham oʻzgacha. Eslab koʻraylik: shoʻro davlati juda qahrli imperiya edi, hech kim bilan munosabat qurishga yoʻl qoʻymasdi. Shunday murakkab sharoitda “Ming bir kecha”ning durdonalaridan boʻlgan ajoyib ertak haqidagi “Ali Bobo va qirq qaroqchi” filmini Hindiston aynan Oʻzbekiston bilan birga ishladi. “Sevgi afsonasi” filmi toʻgʻrisida ham shuni aytish mumkin.
Oʻzbekiston shoʻro davlatining madaniy markazi emas edi. Shunga qaramay, Bollivudning eng katta yulduzi boʻlgan Raj Kapur Oʻzbekistonga koʻp kelardi. Boshqa joyga bormasdi. Buni alohida taʼkidlash kerak. Zero, uning tashriflari oʻsha uzoq yillarda ham Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlariga hindlar boshqa koʻz bilan qaraganidan darak beradi.
Siyosiy jihatdan olganda ham Toshkent-Dehli muloqoti ancha avval qaror topganini koʻramiz. 1966 yilda Hindiston bilan Pokiston oʻrtasidagi tinchlik muzokaralari Toshkentda oʻtgan. Oʻsha yili 10 yanvar kuni urushga chek qoʻyuvchi Toshkent deklaratsiyasi imzolangan.
Afsuski, sulh tuzilgan kuning ertasiga Hindistonning ikkinchi Bosh vaziri Laʼl Bahodur Shastri Toshkent shahrida vafot etdi. Lekin Oʻzbekiston rasmiy taʼziya bilan cheklanmadi. Toshkentda Laʼl Bahodur Shastri haykali barpo etildi, eng katta koʻchalardan biriga uning nomi berildi. Mubolagʻa boʻlmaydigan gap: Toshkentda Shastri koʻchasini bilmaydigan odam yoʻq.
Bugunning gapini aytadigan boʻlsak, birgina misol bilan cheklanamiz. Yil sayin nufuzi ortib, taʼsir doirasi kengayib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga Hindistonning qoʻshilishi aynan Oʻzbekiston bilan bogʻliq. 2016 yil Toshkentda boʻlib oʻtgan SHHT sammitida Hindiston Respublikasi rasman ushbu tashkilot safidan joy oldi. Aytish kerakki, Dehlining bu ezgu orzusi amalga oshishi uchun Toshkent koʻp saʼy-harakat qildi.
Hindiston haqida gap ketganda, buyuk temurzoda Mirzo Bobur toʻgʻrisida soʻzlamaslik mumkin emas. Xalqlarimizning tarix, adabiyot, musiqa, rassomlik va meʼmorlik borasidagi koʻpdan-koʻp merosi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, buning negizida Boburshoh va boburiylarning hayot va faoliyati mujassamdir.
Bu qadar yaqin va qadrdon mamlakat bilan hamkorligimiz bugungi kunda yangi zamon talablari asosida rivojlanib bormoqda. Qoʻshma korxonalar soni, tovar ayirboshlash hajmi, xalqaro maydondagi siyosiy hamkorlik toʻgʻrisidagi barchaga maʼlum masalalarga, oʻylaymizki, toʻxtalishning hojati yoʻq. Faqat bir ishonchni taʼkidlash mumkin: bizning munosabatlarimiz hamisha yuksak pogʻonalarda boʻlgan va shunday boʻlib qolaveradi.
Anigʻi shuki, hind sori yuzlanmoq yuzqaroliq keltirmaydi.