Senat yalpi majlisida “Ipoteka krediti bozori yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abduhakim Eshmurodov ipoteka kreditlari aholini uy-joy bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalarni ijtimoiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joy qurilishi sohasiga keng jalb etish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlarning ko‘lamini kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 noyabrdagi (PF–5886-son) farmoniga asosan bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etildi.

Farmon bilan ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi pul mablag‘larini tijorat banklariga 20 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtirishi, shuningdek, ayrim shaxslarga, shu jumladan, daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan.

Farmonda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida muhokama qilinayotgan qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan “Ipoteka to‘g‘risida”, “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida” va “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali garov shartnomasi va garov xati bo‘yicha huquqlarni rasmiylashtirish, ularni ro‘yxatga olish va uchinchi shaxslarga berish jarayonlari takomillashtirilmoqda.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan garov xatini rasmiylashtirish paytida tomonlarning ishtirok etishi, shuningdek, ariza beruvchilarning ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ (kadastr)ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishi talab qilinadi. Bu esa, beriladigan garov xatlari soni ko‘paygan hollarda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

Shu bois, garov xatini onlayn tartibda yoki davlat xizmatlari markazlariga borish orqali rasmiylashtirish belgilanib, elektron garov xatining konsepsiyasi joriy etilmoqda. Bu, o‘z navbatida, xarajatlarni kamaytirish va vaqtni tejash imkonini beradi.

Bundan tashqari, qonunda ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari tomonidan o‘z kapitali miqdoridan ortiq qiymatda obligatsiyalar chiqarish orqali kapital bozoridan yanada ko‘proq mablag‘larni jalb etish mexanizmini joriy qilish ham nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun ipoteka bo‘yicha garov xatlari aylanishini yanada rivojlantirishga, aholiga berilgan ipoteka kreditlarini takror moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga, ipoteka kreditini berishning zamonaviy bozor tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA