Bosh qomusimizga muvofiq, har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.

Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas.

Bugun, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham nishonlanmoqda. Bu sana nogironligi bor shaxslarning manfaatlari, huquqlari himoyasini ta’minlashni kuchaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoya siyosatidan ko‘zlangan maqsad ham shu. Zotan, yangilangan Bosh qomusimiz asosida ijtimoiy davlat asoslari yanada mustahkamlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, eng avvalo, ularni jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol ishtirokiga sharoit yaratishdan boshlanadi. Har qanday vaziyatda ham ularni kamsitmaslik zarur.

BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi (Nyu-York, 2006 yil 13 dekabr)da ham nogironlar manfaatlari himoyasi nazarda tutilgan. 2021 yilda O‘zbekiston mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilgan.

Mehnat kodeksida ham aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari belgilangan. Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ish o‘rinlarini, ixtisoslashtirilgan, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilishi uchun tashkilotlarni tashkil etish, maxsus qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash kabi qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Mehnat kodeksida mehnat erkinligi va majburiy mehnat tushunchalari xalqaro me’yorlar va tavsiyalarga mos tarzda batafsil yoritilgan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali yoki nogiron bolalari bo‘lgan ota-onalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bitiruvchilar, harbiy xizmatdan bo‘shatilganlar, jazodan ozod qilinganlar, odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar belgilangan.

2024 yil 19 oktyabrda kuchga kirgan “Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytirildi.

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 baravar oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Qonunchilikka o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan bog‘liq normalar ham kiritildi.

Qonun aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, himoya mexanizmlarini yanada takomillashtirishga zamin yaratdi.

Shu bois, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlari kengaytirildi. Jamiyatda aholiga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishda muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga nisbatan murosasizlik munosabati shakllanmoqda.

Norgul Abduraimova,  

O‘zA