Bugun, 4 dekabr kuni Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi boshqaruv qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda milliy sportimiz kurashning xalqaro rivojini ta’minlash borasidagi 20 ga yaqin masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil davomida kurashning dunyoda ommaviyligini yanada kuchaytirish maqsadida dunyoning ko‘plab davlatlarida ichki chempionatlar, xalqaro musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, hakam va murabbiylar uchun turli seminarlar o‘tkazilgani, Islom birdamlik o‘yinlari, AIMS xalqaro tashkiloti tizimidan kurashning o‘rin olishi masalasida kelishuvlarga erishilgani e’tirof etildi.
Yig‘ilish yakunida 2025 yil o‘tkaziladigan musobaqalar dasturi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Aytish lozim, ertaga Mo‘g‘uliston poytaxtida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari boshlanadi.
Ushbu jahon chempionatida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 300 nafardan ziyod kurashchilar qatori tajribali murabbiylar Olim Ravshanov va Umida Matyoqubova yetakchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA