Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida imkoniyatlardan samarali foydalanib, faoliyatini rivojlantirayotgan tadbirkorlar tobora ko‘paymoqda. Jumladan, tuman hududidagi kichik sanoat zonasida bir nechta ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Xususan, yosh, izlanuvchan va shijoatli tadbirkor Dildora Hayitboyeva tomonidan sutni qayta ishlab chiqaruvchi “Kamron Gold Media” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda non va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishga moslashgan “Ravshanbek-Yulduzxon” xususiy korxonasini tashkil etilgan.

Tadbirkor Dildora Hayitboyevaning ta’kidlashicha, onasi bilan birgalikda kuniga 100 ta non va patir yopishdan boshlangan faoliyati bugungi kunga kelib zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan katta sexga aylantirilgan. Sexda hozirda 30 nafardan ziyod ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlangan. Kuniga 600 litrdan ziyod sut qayta ishlanib, 10 dan ortiq turdagi sut mahsuloti ishlab chiqarilmoqda.

Tadbirkor kelgusida tumandagi har bir mahallada sut va non mahsulotlarini aholiga hamyonbop narxlarda sotadigan shoxobchalarni tashkil etishni rejalashtirgan. Shuningdek, sariyog‘ ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi.

Maqsad HABIBULLAEV(surat,video),O‘zA