Moskvada bo‘lib o‘tgan «Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yuqumli kasalliklarni oldini olish sohasida texnik yordam ko‘rsatish dasturi» doirasidagi konferensiyada OIV/OITS, gepatitlar va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi ustidan samarali nazoratni ta’minlashda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda mamlakatimiz, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston soha xodimlari ishtirok etdi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi maslahatchisi D.Kuziyeva, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori v.b. B.Ubaydullayev O‘zbekistonda OIV/OITS, gepatitlar va boshqa yuqumli kasalliklar diagnostikasi va oldini olish hamda soha xodimlarining bu borada bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
Konferensiya davomida boshqa mamlakatlarda bu boradagi holat va yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda diagnostika qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha taqdimot qilindi. Virusli gepatitlarni davolash, kasallik yuqtirganlar bilan ishlash, migrantlar o‘rtasidagi ko‘riklar, hududlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashildi.
Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan mutaxassislar bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazining kursantlari uchun onlayn mahorat darslarini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari tomonidan loyiha ishini yangi darajaga olib chiqish, ta’lim dasturlarini amalga oshirish, mobil klinikalar sonini ko‘paytirish, aholini emlash va virusli gepatitlar bo‘yicha yangi tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA