Avval xabar berganimizdek, “O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati OAV vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston respublikasi bo‘ylab press-tur o‘tkazmoqda. Unda jurnalistlar bankning moliyaviy ko‘magida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik ob’ektlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, jurnalistlar tadbirkorlar tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari va hududlar infratuzilmasini yaxshilash yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslar ijrosi bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, “O‘zmilliybank” AJ respublikamizda servis tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishda mas’ul moliya muassasasi hisoblanadi. Shu bois hududlarda bankning moliyaviy hamkorligida mazkur yo‘nalishdagi yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Xususan, jurnalistlar  Nukus shahridagi “SUN RISE NUKUS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli savdo do‘konida bo‘lib, tadbirkorning fikr-mulohazalari, kelgusi rejalari va bu yo‘nalishda “O‘zmilliybank” AJning ishtiroki to‘g‘risida tasavvur hosil qilishdi.

–Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 310 million so‘mni tashkil etadi, – deydi do‘kon ish yurituvchisi R. Jangabayev.– Shundan bank tomonidan ajratilgan 900 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i evaziga savdo markazi uchun kerakli bo‘lgan maishiy texnikalar sotib oldik. Bugungi kunda savdo markazida 10 ta ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lib, hudud aholisining savdo qilishlari uchun keng qulayliklar yaratilgan.

E’tiborlisi, savdo do‘konidagi mahsulotlarning asosiy qismi respublikamizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bo‘lib, ularning sifat va narxi ham hudud aholisi daromadiga muvofiq ekanligi bo‘ldi.

Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili ham Nukus shahridan uzoqda bo‘lmadi. “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati moliyaviy ko‘magida faoliyatini yo‘lga qo‘ygan “Dunyo” milliy taomlar restorani mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tadbirkor tomonidan umumiy qiymati 3 milliard 610 million so‘m bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun bankdan 600 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘idan foydalanish orqali zamon talablariga mos keladigan zamonaviy ovqatlanish maskani ishga tushdi. Mazkur restoran dastlab 8 ta ishchi bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib xodimlar soni 20 nafarni tashkil etadi. Restoranda nafaqat milliy, Yevropa hamda sharq taomlari ham o‘ziga xos uslubda xo‘randalarga tortiq etiladi. Bu esa nafaqat shu atrofdagilar, qolaversa, shaharga tashrif buyuradigan turistlar uchun ham tanish manzilga aylandi.

Tadbir davomida jurnalistlar hududdagi “ASADBEK NURI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yangidan barpo etilgan zamonaviy sport zali faoliyati bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbirkor tomonidan shahar markazida qarovsiz turgan binoda sport zali tashkil qilish loyihasi uchun bankdan 700 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i olish orqali majmuaga zamonaviy sport anjomlari olib kelingan. Ayni paytda majmuada 5 nafardan ortiq ishchi xodim faoliyat yuritmoqda.  Mazkur muassasa zamon talablariga mos keladigan sport inventarlari bilan jihozlangan bo‘lib, nafaqat yoshlarning balki, shu yerda istiqomat qiluvchi barcha yoshdagi fuqarolarning bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanishlari uchun qulayligi bilan e’tiborga molik.

– Avvallari yoshlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun bunday sharoitlar yo‘q edi,– deydi Nukus shahridagi “Qurilishchi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Amaniyoz Aekeyev. –Sport zalda shug‘ullanuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuning uchun ham nafaqat bizning hududimizdan, balki qo‘shni mahalla aholisi ham bu yerga kelib shug‘ullanmoqda. Asosiysi, sog‘lom turmush tarzi keksayu yoshning hayot tarziga aylanib bormoqda.

Ta’kidlash joiz, bugun servis tarmog‘ining muhim yo‘nalishi hisoblangan tibbiyot sohasi Qoraqalpog‘iston respublikasida ham keng miqyosda rivojlanmoqda. Bu jarayonni hududda zamonaviy diagnostikani o‘z ichiga olgan xususiy klinika va sihatgohlar soni tobora ortib borayotgani misolida ko‘rish, kuzatish mumkin.

–Umumiy qiymati 3,0 milliard so‘mlik loyiha bilan faoliyatimizni yo‘lga quydik, – deydi Xo‘jayli tumanidagi “RAZЫ” tibbiyot markazi direktori Aydos Razatdinov – Shundan bank tomonidan ajratilgan 1 milliard 500 million so‘m kredit mablag‘i evaziga zamonaviy tibbiyot anjomlari sotib oldik. Markazimiz faoliyatini yo‘lga quyish orqali 15 ta ishchi o‘rni yaratildi. Bugungi kunda muassasamizda stomatologiya, ginekologiya, nevrologiya, umurtqa kasalliklarini davolash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, markazda jahon standartlariga mos UZI, lazer terapiyasi, fizioterapiya, laboratoriya hamda ambulator davolanish  tashkil qilingan.

Press-tur ishtirokchilarining yakuniy manzili respublikaning olis hududlaridan biri bo‘lgan Shumanay tumanidagi “AMIR AYS” to‘yxona xizmati faoliyati bilan tanishish bo‘ldi. Xalqimiz azal-azaldan yaxshi kunlarini hamjihatlikda elga osh berib nishonlashni odat qilib kelgan. Shumanayliklar ham ota-bobolari udumlariga sadoqati bilan ajralib turadi. Shu bois qator yillar davomida bu singari yig‘inlarni o‘tkazish uchun maxsus qurilgan zamonaviy to‘yxonaga ehtiyojlari bor edi.

Tadbirkor tomonidan tumanda umumiy qiymati 3 milliard 600 million so‘m bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun boshlagan tashabbusi ayni muddao bo‘ldi. Mazkur ob’ekt uchun bankdan 1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Natijada tuman aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi 400 o‘rinli ixcham to‘yxona tashkil qilindi. Hozirgi kunda mazkur to‘yxonada 15 nafar doimiy ishchi faoliyat yuritib kelmoqda.

Umumiy qilib aytganda, “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida tadbirkorlar qatlamini qo‘llab-quvvatlamoqda. Asosiysi, bank yangi loyihalar orqali tashabbus ko‘rsatadigan tadbirkorlar uchun hamkorlikka doimo tayyor. Binobarin, yaxshi biznes reja, kerakli tashabbus va puxta loyihalar amaliyoti uchun bank o‘z xizmatlarini taklif etaveradi.

Dovud ABIBULLAEV, 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA