Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan “Shamol elektr stansiyasini tashkil etish” loyihasi doirasida Qorao‘zak tumani “Qoybaq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan “Nukus-1” loyihasi qurilishida bo‘ldi.
Umumiy qiymati 107 million dollar, quvvati 100 Megavatt bo‘lgan loyiha doirasida har birining quvvati 6,5 Megavatt bo‘lgan 16 ta shamol turbinasi generatori barpo etiladi. Bugungi kunda 3 ta turbina to‘liq qurib bitkazilgan. Yaqin kunlarda yana 1 ta turbinaning qurilishi ham yakunlanadi. Asosiysi, loyihani amalga oshirishda 150 nafardan ortiq mahalliy aholi bandligi ta’minlangan. “Nukus-1” loyihasi to‘liq ishga tushishi natijasida har yili 350 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi. O‘rtacha 100 million kub tabiiy gaz sarfi tejaladi, havoga 180 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindisi tarqalishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, “Qoybaq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida umumiy qiymati 220 million dollarlik yana bir “Nukus-2” loyihasi ham amalga oshirilib, 26 ta shamol turbina generatori quriladi. Loyihaning qurilish ishlarida 200 nafardan ortiq mahalliy fuqaroning bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan. Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng har yili 794 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga imkoniyat yaratiladi.
Shuningdek, “ACWA Power” kompaniyasining Qo‘ng‘irot tumanida umumiy quvvati 2000 megavattli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yana 4 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi qurilish maydonida amalga oshirilayotgan ishlar, quruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va ushbu mega loyihalarning ishga tushirilishi Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan alohida e’tibori samarasi ekanini ta’kidladi. O‘z navbatida, nuroniylarimiz ilgari bo‘lmagan bu yangi loyihaning hayotga tatbiq etilishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorlik bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri