Tailandda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining navbatdagi kunida uch nafar charm qo‘lqop ustamiz yarim finalga yo‘l oldi.
Jumladan, chorak final bahslarining -67 kg. vazn toifasida o‘tgan bellashuvlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Mujibillo Tursunov qirg‘izistonlik Almaz Orazbekovga qarshi jang qildi va 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Beshinchi kungi bahslarda vazni -71 kg. bo‘lgan Havasbek Asadullayev 1/4 finalda xitoylik Guofeng Ligani yirik 5:0 hisobida taslim etdi.
Shuningdek, 75 kilogrammgacha vaznda jang qilayotgan Javohir Ummataliyev mezbonlar vakili Veyerapon Jongjoho ustidan zafar quchdi.
Bir necha daqiqalardan so‘ng qit’a birinchiligida xotin-qilar o‘rtasidagi bahslar boshlanadi. Unda vazni -48 kg. bo‘lgan Farzona Fozilova mezbonlar vakili Thipsatcha Yodvareyega, -50 kg. vaznda Sabina Boboqulova mo‘g‘ulistonlik Hulan Altanbekka qarshi ringga ko‘tariladi.
Ma’lumot o‘rnida: ushbu chempionatdagi ayollar o‘rtasidagi janglar bosh himoya vositasisiz o‘tkazilmoqda. Bunday jang hamyurtimiz Farzona Fozilova va nepallik Aarati Bomjanni bahsida bo‘ldi. Bu esa ayollar boksida ilk bor shlemsiz o‘tkazilgan jang sifatida tarixga kirdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA