Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan yangi saylangan deputatlar ishtirokida “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari rolini oshirish va faoliyatini takomillashtirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18-20 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovdan keyingi birinchi majlisidagi ma’ruzalaridan kelib chiqib yangi saylangan deputatlar oldida turgan  ustuvor vazifalarga e’tibor qaratdi. Shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishda, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, huquqiy ongini oshirishda, aholining ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda, markazda va joylarda davlat hokimiyati organlarini shakllantirish jarayoniga ta’sir o‘tkazishda siyosiy partiyalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yetti-sakkiz yilda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida 33 ta funksiya va vakolat xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘tkazildi. Bu demokratik taraqqiyot sari yana bir katta qadam tashlanganligi mamlakatimiz tarixida ilk marotaba viloyat kengashlariga hokimlar raislik qilishi amalda bekor qilinib, viloyat kengashi deputatlari orasidan saylangan deputat viloyat kengashiga raislik qilishni boshladi.

Seminarda siyosiy partiyalar va deputatlarning ish uslubini yanada takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar orqali joylarda “Markaz-viloyat-tuman” tartibida ishlaydigan tizimi orqali ishlash haqida so‘z bordi. Bu tizim orqali yuqoridan pastga tushib, ham deputatlarni, ham turli aholi qatlamlarini Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar faoliyati, qonun ijodkorligi, qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari haqida xabardor qilib borish yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa Oliy Majlis ish uslubini viloyat kengashlariga, viloyat kengashlari ish uslubini esa tuman va shahar kengashlariga o‘rgatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hayotga, odamlar ichiga kirmasdan, ular bilan muloqot qilmasdan, faqat yuqoridan turib topshiriq berishdek nomaqbul tajriba endi ish bermasligini undan butunlay voz kechish vaqti kelganligini davrni o‘zi taqozo qilmoqda.

Seminar davomida xalq deputatlari Kengashlari faoliyatini takomillashtirish, ularni haqiqiy nazorat organiga aylantirish  borasida huquqiy asoslar yaratildi. Shu bilan birga, mahalliy Kengashlar faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar, deputatlarning aholi muammolarini hal etish borasida deputatlarning roli sezilarli darajada ortganini alohida e’tirof etdilar. Xuddi shu tartibda xalq deputatlari viloyat Kengashlari tumanlarda, tuman Kengashi deputatlari esa mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar ustidan doimiy ravishda nazorat olib borishlari maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Mahalliy Kengash deputatlari har bir mahallada aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni “oila – mahalla – xalq deputatlari Kengashi – parlament” tamoyil asosida tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan seminarda deputatlar faoliyatini yanada takomillashtirish va sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA