O‘zbekistonda farmatsevtika sohasiga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar va amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Turkiyaning “Alyors Holding- Orzax İlaç” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya turli dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodlarga egalik qiladi, deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida. Uchrashuv avvalida “Alyors Holding- Orzax İlaç” vakili Orxan Alimo‘g‘lu kompaniya haqida batafsil gapirdi.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekistonda farmatsevtika sohasiga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar hamda amalga oshirilayotgan loyihalar, “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Turkiyalik kompaniya vakillari “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududidagi yer maydonlarini joyiga chiqib ko‘rib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni davom ettirishni reja qildilar.

A.Rustamov, O‘zA