Turizm qo‘mitasi tashabbusi bilan Transport vazirligi hamda “Uzbekistan Airports” AJ bilan hamkorlikda mamlakat turizm salohiyati keng targ‘ib etish, xorijlik va mahalliy sayyohlarga aviatsiya sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamda mahalliy aviaterminalga info – tur tashkil etildi.

Aviatsiya yo‘nalishi turistlar sayohati tarkibidagi asosiy element hisoblanadi. Shu boisdan info – tur ishtirokchilari “Uzbekistan Airports”AJ tomonidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

“Uzbekistan Airports”AJ kompaniyasi “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali maydonida rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilgan.
Loyihaga ko‘ra, avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Aeroportning rasmiy taksilari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar uchun uchta alohida yo‘lak ajratiladi.

Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo‘lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo‘l o‘tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi. Avtomobilning yo‘lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizga kelayotgan va undan chiqib ketayotgan fuqarolarning eng katta muammosi – aeroportdagi ko‘p sonli tekshiruvlar bo‘lgan. Shu bois O‘zbekiston xalqaro aeroportlarining jo‘nab ketish terminallarida ikki — “yashil” va “qizil” yo‘lakli boshqaruv tizimlari bekor qilindi.

Xalqaro standartlarga muvofiq masofaviy bojxona nazorati o‘rnatilgan va bu orqali chegaradan o‘tish vaqtini 3 barobarga qisqartirish mumkin. Masofaviy bojxona nazorati tizimi inspektorlarga kuzatuv kameralari orqali jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilarni masofadan turib kuzatish va parvoz ma’lumotlarini tahlil qilish, qo‘shimcha aloqalarni bartaraf etish va yo‘lovchilar harakatini cheklamaslik imkonini beradi.

Joriy etilgan yangilik nafaqat yo‘lovchilarning vaqtini tejaydi, balki qo‘l yukini tekshirishni qisqartiradi. Bu faqat aviatsiya xavfsizligi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Ular olib chiqish ta’qiqlangan yoki normadan oshib ketgan tovarlar, shuningdek, naqd valyuta aniqlanganda bojxona organlari xodimlarini nazorat uchun taklif qiladi.

Umumiy maydoni 935 kvadrat metr bo‘lgan aviatsiya xavfsizligi uchun tekshirish zonasida 9 tekshiruv yo‘lagi tig‘iz vaqtda 2,4 ming nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish imkonini beradi. Joriy etilgan yangiliklardan yana biri shuki, endilikda yo‘lovchilar poyabzalini yechmasdan maxsus qurilma orqali tekshiruvdan o‘tishi mumkin.

Qo‘l yuki va katta o‘lchamdagi yuklarni ko‘rish uchun “Smiths Detection” (Germaniya) rentgen jihozi o‘rnatilgan. Kengaytirilgan xavfsizlik choralarini ta’minlash uchun “Leidos” (AQSH) kompaniyasining “ProVision” tana skanerlari ham o‘rnatilgan.

Ular orqali yo‘lovchilarni tez va kontaktsiz tekshirish mumkin. Yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi Italiya kompaniyasga tegishli “SEIA” skanerlari orqali suyuqlik mavjud idishlarni ochmasdan o‘tkazish imkoni ham mavjud.

Mutaxassislarga ko‘ra, oldin bir soat ichida 60 – 70 yo‘lovchi tekshiruvdan o‘tkazilgan. Hozirgi tizim bilan bu ko‘rsatkich 180 – 200 nafarga yetkazilgan.

Joriy yildan “Uzbekistan Airports”AJ kompaniyasi va Silk Avia hamkorligi natijasida respublikadagi ayrim hududlar uchun yangi aviqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Silk Avia parkiga kiruvchi ATR72-600 o‘rta masofali turbovintli samolyotlar 70 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladi.

Silk Avia joriy yil 25 aprel kuni O‘zbekiston shaharlariga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygan va bugunga qadar 42, 5 ming nafarga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

– Aviachiptalarni sotib olishning eng ommabop usuli aviakassalardir, – deydi “Uzbekistan Airports”AJ axborot xizmati xodimi Dilnoza Azimova. – Aviakassalarda aviachiptalar sotilishida mijozlar bilan samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, sohadagi islohotlar natijasida xalqaro xavfsizlik uchish yo‘lagi tizimi ishga tushirilgan. Parvozlar to‘g‘risida ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etib boriladi. Alohida qayd etishim lozimki, sayyohlar samolyot bortida tozalik darajasi va keytering (oziq-ovqat bilan ta’minlash) xizmatini a’lo baholagan.

Info-tur davomida ishtirokchilar yetib kelish va jo‘nab ketish terminallari – VIP, CIP, ekonom, vertolyotlar va shaxsiy samolyotlar, chiqish tartibi, bortga chiqish, tranzit zonasi va kapsula mehmonxonasi, ichki reyslar terminali bilan tanishdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA