O‘zbekiston va Misr: qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik yo‘lida
“Misr bugun” (almasryalyoum) nashri Oʻzbekiston – Misr hamkorligini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini koʻpaytirish mavzusiga murojaat qilgan.
Maqola Misr qishloq xoʻjaligi va melioratsiya vaziri Al-Qasir va mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev uchrashuvi tafsilotiga bagʻishlangan.
Muallif muloqot chogʻida joriy yil fevral oyida Oʻzbekiston va Misr yetakchilari erishgan kelishuvlar ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgani, qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma hamkorlik yoʻllari muhokama qilinganini qayd etgan.
Tomonlar choʻllanishga qarshi kurashda texnologiyalarni qoʻllash, qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, urugʻchilik sohasida qoʻshma loyihalar amalga oshirishga qaratilgan saʼy-harakatni kuchaytirish istagini bildirgani urgʻulangan.
Uchrashuvda Misr vaziri oʻzbekistonlik hamkasbidan shu yil 7-8-sentyabr kunlari oʻtkazilishi kutilayotgan Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha xalqaro forumga taklif olganini eslatib, anjumanda Misrning ishtiroki muhim ekanini bildirgan.
Oʻz navbatida, elchimiz yurtimiz agrar sektori taraqqiyoti uchun muhim hisoblangan innovatsion ilmiy tadqiqot yoʻnalishida hamkorlik mustahkamlanayotgani, gʻoʻza va qand lavlagi yetishtirishda tuproq shoʻrlanishining oldini olish, qurgʻoqchilikka chidamli navlar yaratish kabi muhim masalalar yechimi sari qadamlar qoʻyilayotganini olqishladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA