Nima sababdan my.maktab.uz saytida qo‘shimcha kvotaga ariza topshirayotgan vaqtda bo‘sh o‘rinlar soni nolni ko‘rsatmoqda, ammo, qabul qilingan arizalar soni oshib bormoqda?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati bunga izoh berdi.

Qayd etilishicha, saytda jami qabul reja va qabul qilingan bolalar soni ko‘rsatiladi. Bunda mikrohududdan tashqari qo‘shimcha kvota bo‘yicha faqat bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lganda ariza topshirish mumkin. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, maktab yoshidagi bolalarni mikrohudud bo‘yicha davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish huquqi kafolatlangani bois, mikrohudud bo‘yicha qabul 15 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Toshkent shahar va viloyat markazlaridan tashqari boshqa hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun qabul qachon va qay tartibda amalga oshiriladi?  

10 avgustdan so‘ng elektron tizim orqali qabul qilinayotgan maktablarda istalgan hududdan (chegarasiz) qabul jarayoni amalga oshiriladi. Bunda belgilangan qabul rejasi bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan (o‘quvchilar soni sinfda 35 nafarga yetmagan) maktablarga qabul qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtda “Toshkent shahar va viloyat markazlaridan tashqari boshqa hududda istiqomat qiluvchilar” belgisi qo‘yiladi va “Mening arizalarim” bo‘limidan bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lgan maktabni tanlash mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA