Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning amaldagi raisi, Shimoliy Makedoniya tashqi ishlari vaziri Buyar Osmanini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan YeXHT o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar, gender tengligi, inson huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga erishish kabi yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Aytib o‘tish kerakki, keyingi yillarda YeXHT bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashdi va munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Joriy yilning aprel oyida qabul qilingan 2023-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida YeXHT loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan xavfsizlik, iqtisodiy-ekologik va ijtimoiy rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, gender rivojlanish kabi yo‘nalishlardagi tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
2022 yilda birinchi marta YeXHT Parlament assambleyasi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston tashabbus qilgan “YeXHTning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Unda BRMni amalga oshirish, inklyuzivlikni oshirish va gender tenglikni ta’minlash sohasida aniq tavsiyalar mavjud.
Shu nuqtai nazardan uchrashuvda YeXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, gender tengligi masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Buyar Osmani O‘zbekistonda kechayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashi va hamkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA