Rossiyaning «Regionы Rossii» jurnalida «Shavkat Mirziyoyev – O‘zbekiston ochiqlik yo‘lida yetti yil» sarlavhali maqola chop etildi.
Nashrda Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylangan dastlabki kunlaridanoq mamlakat tashqi siyosatini faollashtirgani va bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini keskin oshirgani qayd etilgan.
«O‘z rahbari tufayli bugungi kunda O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Turkiya va boshqa davlatlar bilan mustahkam sheriklik munosabatlariga ega, – deb yozadi jurnal. – Birgina 2021 yilning o‘zida O‘zbekistonning arab dunyosi davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,8 milliard dollarni tashkil etdi. Arab mamlakatlariga tovar eksporti 25 foizga o‘sib, 1,2 milliard dollarga yetdi, import esa 3 foizga kamaydi. Respublika oltin, paxta, meva-sabzavot, to‘qimachilik, kimyo mahsulotlari va metallarni faol eksport qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev qariyb 30 yillik muzokaralardan so‘ng Qirg‘iziston bilan chegara masalasini to‘liq hal qilishga, mavjud tushunmovchiliklarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi».
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi faoliyati natijalari qatoriga transport tarmog‘i, energetika, suv ta’minoti, uy-joy qurilishi va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratilgan turli infratuzilma loyihalarini ham kiritish mumkin. Xususan, O‘zbekistonda ko‘plab yo‘llar qurildi, aeroportlar, elektr tarmoqlari, gidroelektr stansiyalari modernizatsiya qilindi.
Maqola intihosida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston gullab-yashnagani, zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgani, dunyo bo‘ylab ko‘plab ittifoqchi va hamkorlarga ega bo‘lgani alohida ta’kidlangan. «Albatta, hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Lekin mamlakat rahbarining uning rivojiga qo‘shgan hissasi allaqachon ko‘zga tashlanmoqda», – deb yozadi «Regionы Rossii».
O‘zA