Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida O‘zbekiston Ekologik harakatiga 15 yil to‘lishi munosabati bilan “Sog‘lom muhit – sog‘lom inson” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B. Alixonov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Ekoharakatning 15 yilligi bilan muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Ekologik harakati 2008 yil 2 avgust kuni nodavlat notijorat tashkilotlari faollari va ekolog mutaxassislar tashabbusi bilan tashkil etildi. O‘tgan 15 yil davomida Ekoharakat tomonidan markazda va joylarda hamda xorijda 5,1 milliondan ortiq ishtirokchi qatnashgan 14,5 mingdan ziyod turli tahliliy-amaliy tadbir tashkil etildi. Ushbu yo‘nalishda Orol fojiasining Orolbo‘yi hududi aholisi salomatligi va atrof-muhit holatiga salbiy ta’sirini yumshatishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida AQSH, Germaniya, Yaponiya, Belgiya, Shveysariya va boshqa davlatlarda tashkil etilgan tadbirlar jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining beshta ijtimoiy buyurtmasi, 20 grant loyihasini amalga oshirish tadbirlariga mahalliy aholi vakillari keng jalb qilindi. Loyihalar doirasida Qoraqalpog‘istonning Kegeyli tumanidagi sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy tashxis uskunalari taqdim etildi, quyosh fotoelektrik panellari o‘rnatildi hamda tibbiyot xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi.
Tabiatni asrashga qaratilgan tadbirlarda Ekoharakatning 3000 nafardan ortiq “Yoshlar qanoti” a’zosi faol ishtirok etmoqda. Ularning tashabbusi bilan 2019 yilning 26 yanvar kuni mamlakatimizda ilk bor “Yurtimizni yanada obod qilaylik!” g‘oyasi ostida umumxalq ekologik xayriya hashari o‘tkazildi.
Mazkur umumxalq ekologik hasharida 27 ming gektar maydon obodonlashtirildi, hududlardan 39 ming 689 tonna chiqindi olib chiqib ketildi, 23 ming metrdan ortiq ariq va zovur tozalandi, qabriston va ziyoratgohlar tartibga keltirildi. Xayriya hasharidan tushgan 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ Orolbo‘yi hududining ekologik holati, aholining turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirildi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Ekologik harakati Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘linmasi tomonidan harakat faollariga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA