Joriy yil mamlakatimizda Mustaqillik kuni ayni shu bosh g‘oya negizida nishonlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 27 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlanganidek, “Mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilmoqda”.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan suhbatimiz ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati talqinidan boshlandi.
– Prezidentimizning Mustaqillik bayramini nishonlashga bag‘ishlangan mazkur qarorida mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan, Konstitutsiyamizning yangi tahrirda qabul qilinishi el-yurtimiz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi, deya e’tirof etilgani bejiz emas, – dedi A.Saidov. – Chunki Mustaqillik — biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning o‘q ildizi. Milliy suverenitet biz poydevorini tiklayotgan Uchinchi Renessansning mustahkam tayanchidir.
Aslida ham tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Yangi O‘zbekiston davlati besh konstitutsiyaviy belgi asosida, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb e’lon qilinib, inson qadrini yanada ulug‘lash va “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlari alohida muhrlab qo‘yildi. Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar 3 barobar ko‘paytirildi.
Yurtimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, ayniqsa, ta’lim tizimi xodimlarini o‘z xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, ularning kasbiy faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilovchi yangi modda bilan to‘ldirildi.
2023 yil 11 aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqi, erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslari tubdan takomillashtirildi.
Bundan buyon jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mumkin emas.
Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, joriy yil 16 iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyati kengaytirildi.
Davlat hisobidan yuridik yordam kam ta’minlanganlarga, teng huquqliligi buzilgan xotin-qizlar va erkaklarga hamda psixiatriya yordamini olgan shaxslarga ko‘rsatilishi belgilandi.
– Prezident qarorida mamlakatimiz hayotining turli sohalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish tavsiya etilgan. Shu ma’noda siz rahbarlik qilayotgan Milliy markaz faoliyati haqida amaliy misollar bilan muxtasar so‘zlab bersangiz?
– Milliy markaz o‘z faoliyat yo‘nalishlari doirasida, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha mamlakatimiz milliy ma’ruzalarini tayyorlash va BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida ko‘rib chiqish natijalarini deputat, senatorlar tomonidan muntazam eshitib borish, shartnomaviy qo‘mitalar tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalari Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyoti takomillashmoqda.
Amaliy misollarga kelsak, o‘tgan olti oyda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish yo‘lida “Yo‘l xaritasi”ning 62 ta bandi yuzasidan chora-tadbirlar bajarilganini alohida qayd etish lozim. Bu — Milliy strategiya ijrosi 79 foizga yetdi, degani.
2023 yil birinchi yarmida Milliy strategiya doirasida 7 ta qonun, Prezidentning 8 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilindi, 1 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi. Sohaga aloqador uchta muhim hujjat:
BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi;
Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi F.Ni Aolayn tavsiyalarini bajarish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi;
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Dastlabki milliy ma’ruzasi loyihalari ishlab chiqildi.
Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan 3 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosi monitoring qilindi. Xususan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi (jami 43 ta band) 8 ta bandi bo‘yicha ishlar yakunlandi.
Shuningdek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari ijrosi yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 69 ta band) 14 ta bandi bajarildi.
Bundan tashqari, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 34 ta band) 8 ta bandidagi vazifalar to‘liq amalga oshirildi.
– BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2020-2024 yillarda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining ijrosiga ham Milliy markaz mas’ul hisoblanadi. Shunday emasmi?
– Albatta, inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida joriy yilning dastlabki olti oyida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Inson huquqlari haftaligi”, “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida videokonferensiya; “Inson huquqlari – oliy qadriyat” xeshtegi, “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi, “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi kabi ko‘plab muloqot hamda uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslar tashkil etildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda Buxoro shahrida “Nelson Mandela qoidalari va qiynoqlarning oldini olish” mavzusida trening o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari qatnashgani e’tiborga molik.
– Milliy markazning inson huquqlari sohasida qonunchilikni takomillashtirishdagi hissasi qanday bo‘lmoqda?
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ekspertizadan o‘tkazilyapti. Joriy yilning birinchi yarmi holatiga ko‘ra, Milliy markazga turli vazirlik va idoralardan kelgan 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ekspertizadan o‘tkazilgan.
Shulardan 24 tasi qonun loyihasi, 3 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, 1 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 6 tasi Vazirlar Mahkamasi qarori, 1 tasi – Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihalaridir. Huquqiy ekspertiza doirasida ushbu loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha jami ellikdan ziyod taklif bildirildi.
Shu davrda Milliy markaz tashabbusi bilan uchta normativ-huquqiy hujjat:
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori;
2023 yil 24 fevralda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori;
2023 yil 12 mayda qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihalari ishlab chiqildi.
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik samaralari haqida ham to‘xtalsangiz?
– Avvalo, bu yil Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng nishonlanishini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.
Ushbu sanalar doirasida xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, shuningdek, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 12 maydagi farmoni bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi Tadbirlar dasturi tasdiqlangani, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etdi.
Dastur 30 ta banddan iborat bo‘lib, o‘tgan ikki oyning o‘zida 6 ta band bo‘yicha ishlar to‘liq bajarildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Pekin, Jidda, Vena, Varshava, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Olmaota, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusidagi turli forumlarda qatnashdi. Milliy markazning o‘zida ham 20 ga yaqin xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning yurtimizga rasmiy tashrifi yakunlariga oid tavsiyalari asosida “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Hujjat parlament palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.
– Inson huquqlari sohasidagi monitoring natijalari qanday bo‘lyapti?
– Bunda avvalo Milliy markazga 2023 yil birinchi yarmida pochta orqali – 682 ta, shaxsiy qabul jarayonida – 168 ta, telefon orqali – 1 200 dan ziyod murojaat kelib tushgani xususida to‘xtalish zarur, deb hisoblayman. Ushbu murojaatlar qonun talabi asosida ko‘rib chiqilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashildi.
Shuningdek, Milliy markaz tomonidan hamkor tashkilotlarni jalb qilingan holda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan monitoring o‘tkazildi.
Monitoring tashrifi davomida mahkumlar uchun yaratilgan sharoit, jumladan, ularning davolanishi, dam olishi, oziq-ovqatining sifati, mehnat sharoiti, muassasa xodimlarining ularga nisbatan muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
– Milliy markazning inson huquqlari sohasidagi axboriy-ma’rifiy va noshirlik faoliyati qanday amalga oshirilmoqda?
– Shu yilning yanvar-iyun oylari davomida Milliy markaz tomonidan inson huquqlariga oid 15 ta kitob tayyorlandi va chop etildi. Jumladan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” va “Bola huquqlari: xalqaro va milliy darajada himoya qilinishi” o‘quv qo‘llanmalari, “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va milliy qonunchilik” to‘plami, shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi matni o‘zbek (kiril va lotin imlosida), qoraqalpoq (kiril va lotin) va rus tillarida chop etilib, davlat organlari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilikka tarqatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar” yo‘nalishi tashkil qilindi. Ushbu kutubxonalarga jami 2150 dona kitob va 600 dan ziyod ilmiy-huquqiy jurnal beg‘araz taqdim etildi.
Milliy markaz faoliyati to‘g‘risida o‘tgan 6 oyda xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarida 324 ta axborot e’lon qilingan. Shuningdek, markazning rasmiy saytida 426 ta, Facebook, Telegram, You tube, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda 1 809 ta material berildi.
Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining birinchi va ikkinchi sonlari, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalining esa birinchi soni nashr etildi.
Bularning barchasi bir tomondan, O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinlik va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil siyosatning mazmun-mohiyatini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligiga chuqur tushuntirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, Istiqlol bayramimizning “Har bir kun, bu — imkoniyat, har bir kun, bu — kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiori ahamiyatini aynan inson huquqlari talqini timsolida teran ochib berishda ham muhim o‘rin tutadi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “bugun biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug‘ vazifaning sharti va mezonlari ko‘p, ammo eng muhim va hal qiluvchi omil, bu — demokratik islohotlar yo‘li. Shu bois xalqimiz manfaatiga to‘la javob beradigan bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz”.
G‘ulom Mirzo suhbatlashdi.
O‘zA uchun maxsus