Bugun Ozarbayjon zaminida o‘zbek romanchiligi asoschisi, sevimli adibimiz Abdulla Qodiriyning ozar tilidagi qayta nashr qilingan “O‘tkan kunlar” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bilamizki, mustahkam tarixiy ildizlarga ega ikki xalq do‘stligi, hamkorligi bugunga qadar o‘zbek xalqini Ozarbayjonning eng sevimli, nodir asarlarini o‘zbek tilida, o‘zbek milliy adabiyotining eng sara asarlarini ozar tilida o‘qish imkonini bergan va bu an’ana xanuz davom etib kelmoqda. Bugun ana shu adabiy aloqalar tarixining yangi sahifasi ochildi desak yanglishmaymiz. “O‘tkan kunlar” romanining kitob holida to‘rtinchi marotaba qayta nashr etilgani, asarning ozar kitobxonlari uchun qanchalik ardoqli ekanini ko‘rsatib turibdi.
Oldinda bizni Ozarbayjon xalqi bilan birgalikda amalga oshirishimiz shart bo‘lgan vazifalarimiz juda ko‘p. Shu boisdan, kelajak avlodga har ikki davlat madaniyati, san’ati, adabiyotini yaqindan tanitish, targ‘ib qilish, ajdodlari haqidagi tasavvurlarini tarixiy manbalarga asoslangan holda jonlantirishga oid loyihalarni amalga oshirishimiz lozim.
Takrorlashni istardimki, bugungi tarixiy kun mavjud hamkorlik, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, hamkorlikning yangi sahifalarini ochishga xizmat qilyapti.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
O‘zA