2023 yil 4 avgust kuni Oliy Majlis Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kuni kecha Senat kengashining qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda ko‘riladigan masalalar Senat qo‘mitalarida ko‘rib chiqilmoqda. Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, kassatsiya tartibidagi shikoyatlarni ko‘rish vakolati faqat Oliy sudga berilgani fuqarolarning ovoragarchiligiga sabab bo‘lish bilan birga ish hajmining keskin oshib ketishiga olib kelmoqda.

Qonun bu muammolarni bartaraf etish, eng asosiysi, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga o‘tkazilmoqda.

Apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish instituti joriy qilinmoqda. Apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.

Yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda ishni yangitdan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyoti tugatilmoqda.

Senat a’zolari, mahalliy kengashlardagi doimiy komissiyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etgan majlisda qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA