O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi loyihasi va tashkilotchiligida Toshkent va Samarqand shaharlarida Ozarbayjon musiqasi kunlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkazilgan tadbirda davlat va hukumat a’zolari, diplomatlar, madaniyat va san’at xodimlari, ikki qardosh xalq vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov Ozarbayjonning boy madaniyati, dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, milliy musiqasi, mug‘om (maqom) san’ati haqida to‘xtalib, ozarbayjon hamda o‘zbek xalqlarining tarixan yaqinligi, davlatlarimiz o‘rtasidagi kundan-kunga mustahkamlanib borayotgan munosabatlar haqida gapirdi.

“O‘zbekistonda Ozarbayjon musiqasi kunlari” Haydar Aliyevga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.

“O‘zbekiston-Ozarbayjon” do‘stlik jamiyatining ijrochi direktori, professor Erkin Nuriddinov Haydar Aliyevning O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishidagi beqiyos xizmatlari haqida so‘zladi.

Haydar Aliyevning 100 yillik yubileyi faqatgina Ozarbayjonda emas, balki barcha turkiy mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda keng nishonlanayotgani alohida e’tirof etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Haydar Aliyevning sa’y-harakatlari natijasida sobiq Ittifoq davrida Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti o‘zining qayta tiklanishini boshdan kechirdi.

Tadbir doirasida Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanoq Mammadova “Jon Ozarbayjondan jon O‘zbekistonga sevgi ila” nomli konsert dasturini taqdim etdi va tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Konsertda o‘zbek estradasi yulduzi, “Yalla” guruhi xonandasi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov ham o‘z qo‘shiqlarini taqdim etdi.

Soz ustasi Ilhom Abdullayev milliy kuylarimizdan namunalar ijro etdi.

Qizg‘in ruhda kechgan konsert dasturida O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazining raqs jamoasi tomonidan namoyish etilgan milliy raqslar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Konsert dasturi va Ozarbayjon xalqining asl farzandi Haydar Aliyev hayoti, ibratli faoliyatiga oid fotoko‘rgazma ko‘hna va navqiron Samarqand shahrida ham bo‘lib o‘tdi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA