Jahon bankining “Digital CASA” loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini yagona axborot makoniga birlashtiradigan transchegaraviy keng polosali telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratishga qaratilgan.
Jahon bankining Transport va raqamli taraqqiyot bo‘yicha global amaliyoti direktori Frans Driz-Gross boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “Digital CASA” loyihasini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida bo‘ldi.
Uchrashuvda xalqaro moliya tashkiloti ekspertlari va vazirlik mutaxassislari raqamli infratuzilma, “Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat “Digital CASA” loyihasini mamlakatimizda amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan fikr almashdi.
Mehmonlar yurtimizda AKT, telekommunikatsiya infratuzilmasi, mobil aloqa, internet tarmog‘iga keng polosali ulanishni rivojlantirish, mahalliy aholi uchun internet-trafik narxlarini pasaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Jahon bankining “Digital CASA” loyihasi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini yagona axborot makoniga birlashtiradigan transchegaraviy keng polosali telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratishga qaratilgan. “Digital CASA” loyihasining pirovard maqsadi mintaqa davlatlarining iqtisodiyotini yuksaltirish, davlat xizmatlari ko‘rsatishni yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashishdan iborat. Mazkur strategik maqsadlarga erishish yo‘lida “Digital CASA” mintaqaviy dasturi internet tarmog‘iga keng polosali ulanish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni birlashtirish hamda loyihada ishtirok etayotgan mamlakatlar hukumatining elektron xizmatlar ko‘rsatishga doir salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘icha hamkorlikning o‘zaro manfaatli shakllarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashishni davom ettirishga kelishib oldilar.