Vazirlar Mahkamasining «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida salmoqli natijalarni qo‘lga kiritgan, shuningdek, sohaga oid ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan hamda yashil maydonlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan fuqarolar «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni har yili 5 iyun — Butunjahon atrof muhit kuni arafasida tantanali ravishda o‘z egalariga topshiriladi. Bunday e’tirof O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarga ham nasib qilishi mumkin.

«Tabiat himoyachisi»ga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Taqdirlanganlar ro‘yxati Qo‘mitaning internet tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

O‘zA