Nukusda “Avtotest report” markazi ish boshladi

Mamlakatimizda haydovchilik madaniyati va avtotransport vositalari haydovchilarining bilimini boyitish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida qo‘llanilayotgan innovatsion uslublar o‘qitish jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bu esa malaka imtihonlarini topshirish samaradorligini yuksaltirish hamda haydovchilarning yo‘l harakati xavfsizligi masalasida huquqiy bilimini oshirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, haydovchilar malakasini muntazam oshirishni nazarda tutadigan qonun talablari yetarli darajada bajarilmayapti. Aksariyat hollarda yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilariga aylanib qolmoqda.
7.jpg
Yo‘l harakati xavfsizligi, fuqarolar hayoti va salomatligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralarini kuchaytirish, o‘quv jarayoniga innovatsion uslublarni joriy etish yo‘li bilan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar malakasini oshirish tartibini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 4- sentabrdagi “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Avtotest Report” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yuridik shaxslarga tegishli transport vositalari haydovchilari bilimi va ish tajribasini oshirib borish vazifasi yuklatildi.
Nukusda “Avtotest Report” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar yangi o‘quv markazida yaratilgan sharoitlar va o‘quv jarayoni bilan tanishdi.
16.jpg
– Markazimizda avtotransport haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha qayta o‘qitishning yangi metodlari qo‘llanilgan holda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalaniladi, – deydi “Avtotest Report” mas’uliyati cheklangan jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari Z.Bobonazarov. – O‘quv jarayonida haydovchilarning o‘zlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan o‘quv monitoringini yuritish va uni rejalashtirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan kompleksli axborot tizimi joriy qilinib, haydovchilarning malakasini oshirish bo‘yicha Avtotest 3.0 o‘quv-uslubiy kompleksi amaliyotda qo‘llaniladi. Joriy yil 1 yanvaridan boshlab, o‘quv markazida hududdagi barcha yuridik shaxslarning transport haydovchilari ikki yilda bir marotaba malakasini oshirib boradi va ularga “Avtotest Report” MChJ o‘quv kompleksining sertifikati topshiriladi.
5 (1).jpg
O‘quv markazi tashkil etilishi bilan 25 doimiy ish o‘rni yaratildi.

 

Anvar Nasirlayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA