O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi. Bu xaqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-tranzit, suv energetikasi, madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash (1992 yil 23 noyabr) doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi. Shuningdek, xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, Muxtor Tleuberdi 3-4 mart kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan.