26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, Turkiyaning do‘st xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali hamkorligi barqaror va jadal sur’atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqotlar davom ettirilmoqda, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘smoqda. Ikki mamlakat yetakchi hudud va korxonalarining kooperatsiyasi kengaymoqda, birgalikda qator yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Muhim madaniy-gumanitar dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Davlat rahbarlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Strategik hamkorlik bo‘yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon orqali muloqot har doimgidek do‘stona va ishonch ruhida o‘tdi.