Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻldi.

Davlatimiz rahbari 24-fevral kuni Beruniy tumaniga bordi.

Bu yerda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, ushbu majmuaga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻldi.

– Qoraqalpogʻistonning insonlari mehnatkash, yeri boy. Endi shamollariyam iqtisodiyotga manfaat keltiradi. Agar biz katta-katta korxonalar quramiz, desak, hamkorlarimiz avvalambor “energetikang bormi, yoʻling bormi, infratuzilmang bormi” deb soʻraydi. Bu yerda quvvati 100 megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyasi barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qoʻshimcha kuch, zamin boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qoraqalpogʻistonda yagona boʻlgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bundan 65 yil avval qurilgan boʻlib, hudud ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas edi. Shuning uchun ushbu stansiya 680 million dollar evaziga modernizatsiya qilinib, 560 megavatt quvvatlar ishga tushirildi.

Mana endi yangi yoʻnalishda, ekologik toza yana bir elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. Yillik quvvati 360 million kilovatt-soat boʻlgan ushbu loyiha 108 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.

Bu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qoʻshimcha elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin boʻladi. Yiliga 106 million kub metr tabiiy gazimiz tejaladi.

– Inson qadri uchun, degan bosh tamoyil asosida Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham katta marralar olganmiz.

Kelgusi besh yilda 2 ming 500 ta yangi korxona tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qariyb ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bu ishlarga kuchli turtki beradi. Bundan farzandlarimiz, kelajak avlodlar ham manfaat koʻradi, – dedi davlat rahbari.

Loyiha boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʻmagida eʼlon qilingan xalqaro tenderda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 20 ga yaqin talabgorlar oʻrtasida gʻolib boʻlgan. Ushbu kompaniya tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqariladigan shamol energiyasi uchun eng past tarif – 1 kilovatt-soat elektr uchun 2,56 sent taklif qilingan.

Yana bir muhim tomoni, stansiya qurilishida ming nafar qoraqalpoq yoshlari ham qatnashadi. U ishga tushgach esa, 100 nafar malakali muhandis va texnik xodimlar yuqori daromadli doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Loyiha doirasida 25 ta shamol turbinasi oʻrnatiladi, 20 kilometr boʻlgan 220 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi qurilib, bu quvvatlar mamlakat yagona energetika tizimi bilan toʻliq ulanadi.

Prezidentimiz loyiha uchun zarur narsalarni mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi. Masalan, “Taxiatosh metall konstruksiya” zavodida tayanch ustunlar, “Nukus elektr apparat” korxonasida transformator va elektr texnika jihozlari, boshqa korxonalarda esa – kabel va oʻnlab turli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Qoraqalpogʻistonda shamol energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari cheksiz ekani qayd etildi.

 Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilingan Orolboʻyi mintaqasida boshlangan bu loyiha “yashil energiya” ishlab chiqarish boʻyicha “birinchi qaldirgʻoch”. Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt boʻlgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushiriladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev shamol elektr stansiyasi poydevoriga kapsula qoʻydi.

Marosimda “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abdulla Abunayan, soha mutaxassislari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqdi.

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yili Navoiy viloyati Karmana tumanida ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida shunday yana bir stansiya qurilishi boshlangan.

Umuman, bu sohada 3 milliard dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami 2 ming 900 megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi Chimboy guzari mahallasida boʻldi.

Aholining turmush sharoitlarini koʻrish uchun aynan shu joyga kelingani bejiz emas. Odamlar bu yerga 2000-yillardan oʻrnasha boshlagan. Uylar rejasiz qurilgani sababli koʻchalar tartibsiz boʻlib qolgan, elektr energiyasi va ichimlik suvi yetishmasdi.

Hozirga kelib mahalla aholisi 14 mingdan oshgan. Bu yerda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalasi dolzarb boʻlib bordi. Va hudud yaqinda “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtirildi. Koʻchalar taʼmirlanib, piyodalar yoʻlakchasi qurildi.

Transformator va ustunlar oʻrnatilib, elektr tarmoqlari tortildi. Ariqlar tozalanib, daraxtlar ekildi.

Mahallada ish joyi va tibbiy xizmat yoʻq edi. Shu bois yengil konstruksiyadan toʻqimachilik korxonasi tashkil etildi. Bu yerda 300 dan ortiq xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

– Mahalladagi oʻzgarishlarni, sizlarning ishli boʻlganingizni koʻrib, xursand boʻldim. Qoʻlida hunari bor ayolning kayfiyati yaxshi, oilasi ham barqaror boʻladi. Bunday ishlarni hali koʻp qilishimiz kerak. Albatta, qiyin boʻladi. Lekin biz bir oilamiz. Birlashib, hamma rejalarni amalga oshira olamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu yerda mahalla markazi qurish, shahardagi boshqa ogʻir hududdarni ham obod qilish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerdagi tibbiy xizmat punkti ham koʻzdan kechirildi. Qoraqalpogʻistonda yangi klinikalar qurish, tibbiyot klasterlari tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Mahallaning “Koʻktepa” koʻchasidagi 8 ta uy namunaviy xonadonga aylantirilgan. Hovlilar tartibga keltirilib, issiqxonalar qurilgan. Prezident ulardan biri – Gabit Jusupov xonadonida mehmon boʻldi.

– Kechadan beri Qoraqalpogʻistonning eng uzoq, eng ogʻir hududlariga borayapmiz. Hozir menga aytishdi: Nukusda sharoiti yomon yana yettita mahalla bor ekan. Ularni ham obod qilish, yoʻlini, suvini, elektrini toʻgʻrilash boʻyicha rejalarni belgiladik, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida ish boshlagan plastik eshik va romlar korxonasini borib koʻrdi.

Bu loyiha uchun Jana bazar mahallasi hududidan 4 gektar yer ajratilib, 2 million dollarlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Zamonaviy asbob-uskunalar oʻrnatilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Korxona jami 270 ming kvadrat metr eshik va deraza romlari tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda 230 kishi ish bilan taʼminlandi. Ularning koʻpchiligi yoshlar.

Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayoni, mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.

Nukus shahriga Toshkent shahar hokimligi biriktirilgan. Hududning drayveri – oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati, turizm. Shu asosda Nukus shahrini 2022-yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, umumiy qiymati 1 milliard 361 million soʻmlik 10 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida qoʻshimcha 3 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Prezident Jeke terek mahallasidagi yangi turar joy majmuasi qurilishi maydonida ham boʻldi. Bu yerda 5 ta 16 qavatli uy barpo etish moʻljallangan. Ularning bittasi hozir qurilmoqda.

Bu majmua yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida tiklanadi. Tashqi devorlar uch qoplamali boʻlib, xonadonlarning qishda iliq, yozda salqin turishini taʼminlaydi. Uylar zamonaviy jihozlanib, tayyor holda topshiriladi.

Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi investitsiya loyihalari situatsion markazi faoliyati bilan tanishdi.

Bu muassasa biznes loyihalarni shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish boʻyicha yaxlit tizim sifatida ishlaydi. “Yagona darcha” tamoyili asosida vazirlik, idora, hudud va tashkilotlar oʻrtasida tezkor hamkorlikni taʼminlaydi.

Markazda uchta – hududiy loyiha guruhi, strategik rivojlantirish guruhi va tadbirkorlarga tezkor yordam guruhi bor. Shuningdek, Tadbirkorlar kengashi boʻlib, loyiha guruhlari bilan birga yangi gʻoya va takliflarni muhokama qiladi hamda ularga ishbilarmonlarni jalb etadi.

Bundan tashqari, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi mutaxassislari hududda imkoniyati bor loyihalarni ishlab chiqib, tayyor holda aholiga taklif qiladi.

Markazga yetakchi sanoat tarmoqlarining vakillari biriktirilgan. Prezidentimizga Qoraqalpogʻistonda ushbu tarmoqlarda rejalashtirilgan loyihalar haqida axborot berildi.

Avval xabar qilinganidek, Orolboʻyi hududini birgalikda rivojlantirish uchun viloyat hokimliklari ham jalb etilgan. Ular tomonidan Qoraqalpogʻistonning har bir tumani boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Markazda ushbu rejalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Z.JONIBEKOV,

A.MUSAYEV,

D.ABIBULLAYEV,

OʻzA muxbirlari