3 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis ishi “O‘zbekiston” va “UzReport” telekanalari, shuningdek, Senatning www.senat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlari haqidagi masalani muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari qabul qilindi.

Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasida yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning rivojlanish tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yo‘nalishlari aniq belgilangan.

Ushbu tarixiy hujjatning ahamiyati shundaki, uni ishlab chiqishda mavjud muammolar e’tiborga olindi, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan.

Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat dasturining inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishi ijrosini ta’minlash Oliy Majlis palatalari mas’ul etib belgilangan.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Majlisda, shuningdek, mamlakatimizda islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi.

Xususan, xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Davlat dasturi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish bo‘yicha choralarni ham nazarda tutadi. Bunda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahallalarning vakolatlarini, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kengaytirish, hokim yordamchilari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Shuningdek, byudjet tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qo‘yish, ularga so‘rov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, masofaviy ishlash yo‘lga qo‘yiladi, hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytiriladi.

Muhokamalarda ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qo‘mitalari hamda hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Majlisda Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Senatning chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish mamlakatimizning jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuvida asosiy omil ekanligidan kelib chiqib, intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimi takomillashtirildi.

Intellektual mulk sohasidagi milliy qonunchilikka muvofiq mintaqaviy brendlarni rivojlantirishning vositalaridan biri intellektual mulkning ob’ekti bo‘lgan tovar kelib chiqqan joy nomlari hisoblanadi. U geografik ob’ektlar, shu jumladan, ma’muriy-hududiy birliklar, tabiiy ob’ektlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shulardan atigi 2 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa, qolgan 2 tasi xorijiy ishlab chiqaruvchilarga tegishlidir.

Bunday holat intellektual mulkning bu sohasi O‘zbekiston hududlari ma’lum bir hududga xos mahsulotlarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasidagi mahsulotlarni ommalashtirish va rivojlantirishda imkoniyatlar yetarli darajada bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.

Tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo‘lgan qat’iy talablar o‘rnatilmaganligi tufayli mamlakatda mintaqaviy brendlar rivojlanmasdan qolmoqda.

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunda ilk marotaba “geografik ko‘rsatkich” tushunchasi aks ettirilgan.

Tovarni muayyan geografik ob’ekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

Geografik ko‘rsatkich, ishlab chiqarilayotgan tovarni belgilash uchun nomi qo‘llaniladigan mazkur geografik ob’ektda joylashgan bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslarning talabnomasiga binoan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkinligi, boshqa manfaatdor shaxslar bo‘lmagan taqdirda bitta yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnoma berish mumkinligi belgilanmoqda.

Mazkur qonun o‘zining noyob mahsuloti uchun belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar soni ko‘payishiga, eng asosiysi mintaqaviy brendlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bu esa, ishlab chiqaruvchilarning geografik ko‘rsatkich bilan himoyalanadigan qo‘shimcha qiymatga ega o‘z mahsulotining mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqishiga imkon yaratadi.

Qolaversa, hududlarga turistik oqimning ko‘payishi, “gastronomik turizm”ning rivojlanishi hamda hududlarning turistik jozibadorligining oshishi aynan mazkur qonun bilan bog‘liqligi senatorlar tomonidan e’tirof etildi.

Senat a’zolari ushbu qonunni ma’qulladi.

So‘ngra senatorlar “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni senatorlar tomonidan ma’qullanib, 2021 yil dekabr oyida Prezidentimiz tomonidan imzolangan edi.

Hech shubhasiz, qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun mamlakatimizda favqulodda holat sodir bo‘lganda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan 5 ta qonun va 1 ta Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimcha kiritilib, favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining amaldagi qonunosti hujjatlarini to‘xtatib turishning huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holatni joriy etish to‘g‘risidagi farmoniga asosan favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda mahalliy davlat hokimiyati organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonunning yana bir e’tiborli jihati favqulodda holat joriy qilinganda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holat amal qilish davrida saylovlar o‘tkazilishi cheklanmoqda.

Ushbu cheklovlar bilan bog‘liq normalar O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, turizm yo‘nalishini milliy iqtisodiyotning drayver sohalaridan biriga aylantirish maqsad qilib olingan. Bunda foydalanilmagan keng imkoniyatlar, tabiiy sharoit, tarixiy va madaniy obidalar mavjud. Tarixiy madaniy obidalarimiz nafaqat moddiy meros sifatida, balki xalqimizning ma’naviy boyligi sifatida ham ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan ham moddiy madaniy meros ob’ektlari muhofazasini kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Muhokama davomida, Senat tomonidan Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida olib borilgan o‘rganishlar mobaynida moddiy madaniy meros ob’ektlariga juda katta miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlanganligi, davlat muhofazasiga olingan ayrim arxeologik ob’ektlar yo‘q bo‘lib ketganligi ham ta’kidlandi.

Ayrim hollarda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga madaniy meros ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar restavratsiya qilish talablariga zid ravishda olib borilib, ularning tarixiy va badiiy qimmatiga ko‘p mikdorda zarar yetkazilmoqda.

Jumladan, Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida olib borilgan restavratsiya ishlari ahvoli o‘rganilganida majmuada restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani oqibatida uning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat bu turdagi huquqbuzarliklarni fosh etish va oldini olish bo‘yicha maxsus bilim va tajriba, shuningdek, zamonaviy yondashuv talab etilishini, tergov jarayonlari malakali tergovchilar tomonidan olib borilishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Mavjud muammolarning qonuniy yechimini belgilash maqsadida “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Qonun bilan moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday toifadagi ob’ektlarga juda ko‘p mikdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda va to‘liq bajarilmaganligi yuzasidan javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar kun tartibidagi navbatdagi masala – “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi K.Burxonov qayd etganidek, qonun amaliyotda uchrayotgan muammoli holatlarni keltirib chiqarayotgan qonunchilikdagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 22721 va 22723-moddalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, chegara qo‘shinlariga ushbu moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni, huquqbuzarlik transport vositalaridan foydalanib sodir etilganida mazkur transport vositalarini ushlab turish vakolati berilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 224 va 2241-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni (chegara zonasiga, shuningdek, fuqarolarning kirishi va bo‘lishiga vaqtincha cheklov belgilangan joylarga kirish, ularda yashash qoidalarini buzish hamda davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi rejimni buzish) ko‘rib chiqish vakolati chegara qo‘shinlariga berilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi fuqarolar ortiqcha vaqt sarflashining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Kiritilayotgan yangilik orqali fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kuchaytirilmoqda.

Ya’ni, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda nogironlik pensiyalari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham tayinlanishi belgilanmoqda.

Ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqi berilmoqda.

Mamlakatimiz hududida karantinli vaziyat yuzaga kelib, cheklov choralari qo‘llanilgan taqdirda, fuqarolar pensiya tayinlashni so‘rab o‘z vaqtida murojaat eta olmay, cheklovlar tugatilganidan keyin bir oy ichida murojaat etsa, ularga pensiya olish huquqi yuzaga kelgan kundan e’tiboran pensiya tayinlanishi nazarda tutilmoqda.

Bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga qo‘shib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga o‘zgartirilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra endilikda avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega ekanligi belgilanmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan Savdo-sanoat palatasiga mahalliy xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Soliq kodeksiga O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, mol, qo‘y va tovuq go‘shti, tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, kartoshka, muzlatilgan baliq kabilarni olib kirish va realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma 2021 yil 10 oktyabrdan 2022 yil 30 aprelga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur qonunni qabul qilishdan maqsad shaxsiy hujjatlari bilan bog‘liq munosabatlarda mavjud muammo va kamchiliklarni, shuningdek, doimiy propiska bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladigan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, amalda bo‘lgan biometrik pasport bilan bog‘liq yangi huquqiy munosabatlar joriy qilinganligi bois qonunchilikni takomillashtirishdan iborat.

bugungi kunda “propiska” so‘zi ma’nan eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “to‘sqinlik qiluvchi”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan, qonun hujjatlaridagi “doimiy propiska qilish” va “turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” tushunchalarini “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” va “vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan xorijga chiqish biometrik pasporti joriy qilinganligi sababli qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bir qator qonunlarga biometrik pasportga oid ishlatilayotgan tushunchalar kelgusida identifikatsiya ID-kartasi bilan qo‘llanilishi sababli identifikatsiya ID-kartasi tushunchasi kiritish belgilanmoqda.

Qonun qabul qilinishi natijasida huquqni qo‘llash amaliyotida “doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” normalarining bir xilda bo‘lishi hamda bir xil ko‘rinishda qo‘llanilishiga, identifikatsiya ID-kartasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tushunchalar va huquqiy qoidalar moslashtirilishiga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni ham ko‘rib chiqishdi.

Konvensiya 1988 yil 20 iyunda XMT Bosh konferensiyasi sessiyasida qabul qilingan. Konvensiya qurilish faoliyatining barcha turlarini, ya’ni qurilish, fuqarolik qurilishi, montaj va demontaj ishlarini, shu jumladan, qurilish maydonidagi maydonni tayyorlashdan to ob’ekt qurib bitkazilgunga qadar har qanday jarayonlar, operatsiyalar yoki transportda tashish ishlarini qamrab oladi.

Muhokamalarda senatorlar O‘zbekistonda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga rioya qilish holati, bu boradagi asosiy muammoli nuqtalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mazkur konvensiya 32 davlat, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston kabi MDH mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingani qayd etildi.

Shuningdek, Konvensiyaning aksariyat norma va qoidalari milliy qonunchilikka tatbiq etilgani alohida ta’kidlandi.

Ushbu konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi qurilish sohasiga mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, mamlakatimizning mehnatkashlar huquqlari kafolatini ta’minlashda asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini ko‘rsatadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Bitimning asosiy maqsadi – soxta tovar belgilari va geografik ko‘rsatkichlar qo‘yilgan tovarlarni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, shuningdek, bunday tovarlarni MDH mamlakatlari davlat chegaralari orqali olib o‘tishning oldini olish, aniqlash va bunga chek qo‘yish masalalari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Mazkur Bitim doirasida tomonlar masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, vakolatli organlar tomonidan aniqlangan soxta tovar va geografik ko‘rsatkichlar qo‘yilgan tovarlarni ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish holatlari yuzasidan muntazam ravishda axborot almashishi, shuningdek, intellektual mulk sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda sanoat mulki sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi e’tirof etildi.

Shuningdek, vakolatli davlat organlariga eksport bojxona rejimi orqali geografik ko‘rsatkichlarni bojxonada nazorat qilish vaqtida ularni huquqiy muhofaza qilish hamda himoya qilish sohasida qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklanishi ta’kidlandi.

Senatorlar qayd etganidek, Bitimning muhim qoidalaridan biri Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lmagan davlatlar intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari bo‘yicha JST Bitim tamoyillari va normalariga amal qilishga intilish hisoblanadi.

Bitimning qabul qilinishi MDH ishtirokchi-davlatlarining tegishli organlari sa’y-harakatlarini birlashtirish, iste’molchilar huquqlari va intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqich bo‘lganini hamda hamkorlikni strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqqanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi yakunlariga ko‘ra tub burilish yasaydigan keng ko‘lamli kelishuvlarga erishilganiga urg‘u berildi.

Jumladan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya, IT-texnologiya, “yashil” energetika kabi sohalarda qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya va moliyaviy bitimlarning katta paketi imzolandi.

Tashrif chog‘ida xalq diplomatiyasining muhim elementi sifatida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha Prezidentning 2021 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 67-son qarori qabul qilindi, unda amaliy harakatlarning uchta rejasi (“yo‘l xaritalari”) nazarda tutildi.

Muhokamalar doirasida senatorlar oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatish, vazirlik va idoralarning bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish muhimligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha Senat komissiyasini tuzish tashabbusi taklif etildi.

Qonun ijodkorligi va nazorat faoliyati sohasida tajriba almashish, Janubiy Koreya moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar samaradorligini o‘rganish, Janubiy Koreya bilan amalga oshirish rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bo‘yicha vazirlik va idoralarning takliflarini ko‘rib chiqish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasini tahlil qilish mazkur tuzilmaning asosiy vazifalari bo‘lishi kerak.

Senatorlar, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun maydon yaratilishi mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuvlar asosida qo‘yilgan vazifalar ijrosi yuzasidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hisobotlari va axborotini eshitish imkonini berishini ham ta’kidladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra senatorlar va tegishli vazirlik hamda idoralar, kompaniyalar va fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari kiritilgan Komissiyaning Nizomi hamda shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

Shuning bilan Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati