Mamlakatimizda o‘ta yuqumli “omikron” shtammi afsuski hamon mavjud.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uning yuqish tezligi “delta” shtammidan bir necha barobar yuqori. Ayniqsa “omikron” shtammini yuqtirgan bolalarda kasallik og‘ir kechish holatlari ham kuzatilmoqda. Ham kattalar, ham bolalarga ta’sir qiluvchi mazkur shtammning asoratlari og‘ir kechishi aytilmoqda.

Rossiyalik immunolog koronavirusga chalinish ko‘rsatkichi bolalar orasida 14 baravarga ko‘payganini aytib, voyaga yetmaganlarning koronavirus “hujum”iga uchrayotgani sababini tushuntirdi. Bu haqda “Sputnik” xabar berdi.

Immunolog Vladislav Jemchugovning ta’kidlashicha, bolalar COVID-19ga qarshi emlanmagani uchun tez-tez kasallikka chalinmoqda. Shu sababli ham koronavirus hozirda kattalarga nisbatan ko‘proq kichik yoshdagilarda uchramoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarda ham kasallik o‘tkazilib yuborilsa va shifokorga kech murojaat qilinsa hamda ularda nafas olish tizimining surunkali kasalliklari mavjud bo‘lsa, ularda ham og‘ir vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, mutaxassis birinchi navbatda surunkali kasalliklarga chalingan voyaga yetmaganlarni emlash zarurligini aytgan. Immun tanqisligi bo‘lgan, xronik kasalligi bo‘lgan va nasliy kasalligi bo‘lgan bolalarda koronavirus kasalligi turli asoratlar qoldirishi mumkin.

Immuniteti normal bo‘lgan, boshqa kasalliklarga chalinmagan bolalar COVID-19 bilan kasallanmaydi yoki unga qarshi oson kurashadi. Shuning uchun immuniteti past bo‘lgan va surunkali kasali bo‘lgan bolalarni emlash kerak. Shuningdek, boshqa bolalarni ham vaksinatsiyalash tavsiya etiladi.

Olimlarning ta’kidlashicha, bolalardagi  koronovirus asoratlaridan biri bu multiyallig‘lanish sindromidir. Bu — COVID-19ga kechiktirilgan immunologik javobdir. Bu bolada kasallik simptomli yoki simptomsiz o‘tishidan kat’iy nazar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xolatdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 2-3 hafta o‘tgach, limfa tugunlarini kattalashishi, haroratni ko‘tarilishi, toshmalar toshishi, kon’yuktivit,  kaft va oyoqlarda shish paydo bo‘lishi bilan boshlanishi mumkin.

Agarda bolalarda bunday holatlar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish va ma’lum tekshiruvlar o‘tkazish va davolash uchun kasalxonaga gospitalizatsiya qilish tavsiya etiladi.

Amerikalik shifokorlar COVID-19 dan so‘ng bolalarda bosh og‘rig‘i, yo‘tal va hazm qilish a’zolari faoliyatidagi buzilishlar saqlanib qolishini ko‘proq qayd eta boshladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti birinchi marta bolalarni koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash kerak, degan xulosaga keldi. Shu bilan birga, agar bola koronavirusni og‘ir holatda boshidan o‘tkazuvchi xavf guruhiga kiritilmagan bo‘lsa, emlash kampaniyasining zaruriyati unchalik yuqori bo‘lmaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, emlash insonni infeksiyadan 100 foiz saqlay olmaydi. Ammo, ko‘p hollarda emlanish kasallikning yengil kechishiga yordam beradi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA