Rossiya o‘zining Su-35S qiruvchi samolyotlarini harbiy mashg‘ulot o‘tkazish, ikki davlat jangovar tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish uchun Belarusga joylashtirdi, — deya xabar bermoqda mamlakat mudofaa vazirligi. Tadbirda qancha samolyot qatnashishiga aniqlik kiritilmagan.

O‘tgan hafta Rossiya xuddi shu maqsadda Belarusga ikkita S-400 havo mudofaa tizimini o‘rnatgan edi.

Harbiy holatni tekshirish ikki bosqichda o‘tadi. 9 fevralgacha mo‘ljallangan birinchi bosqichda qo‘shinlarning bir qismi Belarusga qayta joylashtiriladi, muhim davlat va harbiy ob’ektlar, shuningdek, havo kuchlarini himoya qilish uchun chegarada qo‘shma harbiy guruh tuziladi.

20 fevralgacha davom etadigan ikkinchi bosqich – “Allied Determination 2022” deb nomlangan qo‘shma mashg‘ulot tashqi tajovuzni bartaraf etish, ittifoq davlati manfaatini himoya qilish hamda terrorizmga qarshi kurashish masalasini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.