Ustoz adib Sharof Boshbekov asarlarida haqiqat bor qaddi-basti bilan bo‘y ko‘rsatib turadi.

Bu jihatlar uning barcha ijod namunalari kabi “Temir xotin” asarida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayol-qizlarimiz, umuman, xalqimizning sobiq sho‘rolar tuzumi davridagi og‘ir, ayanchli hayoti, paxta yakkahokimligi, atrof-muhit, tabiatga bo‘lgan beshafqat munosabat garchi kulguga yo‘g‘rilgan voqealar asnosida ochib berilsa-da, biroq bu hazilomuz voqealar ortida achchiq haqiqat, ko‘zdan emas, yurakdan sirqiragan yoshlar, hech kimga ko‘rsatilmaydigan yig‘i mujassam bu asarda.

Temirtan, ongi maxsus dastur asosida boshqariladigan robot bo‘lsa-da, Alomatxon mustabid tuzum davridagi o‘zbek ayolining, xalqimizning qismatiga, sho‘r peshonasidagi bitilgan mudhish hayotga rostmana achinadi. Bu qaro qismatdan kuyib kulga aylanadi… Hali sho‘rolar tuzumi o‘z zug‘umi, zulmini o‘tkazib turgan bir paytda bilmadim, yozuvchi Sharof Boshbekovga bu asarni yozish uchun qancha jasorat, matonat, qat’iyat, badiiy mahorat kerak bo‘ldi?! Shu bois ham ustoz yozuvchining asarlari xalqimizda katta qiziqish, mehr va e’tibor bilan mutolaa qilinadi. Uning asarlari asosida sahnalashtirilgan filmlar, spektakllar necha karra ko‘rilgan bo‘lsa-da, katta qiziqish va e’tibor bilan tomosha qilinaveradi.

Atoqli yozuvchining chin dunyoga qaytgani haqidagi shumxabar adabiyot muxlislarni qatorida xalqimizni qayg‘uga soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Fikrimcha, bu jihatlar bir tomondan Sharof akaning chin insoniy fazilatlari, sofdilligi, haqiqatga tik qaray olishi bilan belgilansa, boshqa jihatdan ustoz yozuvchining mukammal, badiiy barkamol, haqiqatga oshno asarlari, ijodkorning jurnalistlar, xalqimiz, adabiyot muxlislari bilan muloqot va uchrmashuvlar chog‘ida mudom qat’iyatli, o‘z parinsipi, dunyoqarashiga ega bo‘lgani, aytilgan fikrini dadil, qat’iy himoya eta olish salohiyati bilan belgilanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharof Boshbekov 1951 yil 4 yanvarda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani G‘ubir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1974 yili Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tamomlagan. Ustoz adib sahna san’atini puxta egallagani, uning barcha sir-asrorlaridan batafsil xabardor bo‘lgani bois kino va teatr uchun badiiy jihatdan barkamol asarlar yaratishga muvaffaq bo‘lgan.

Oliy o‘quv yurtini tamomlagach, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida adabiy xodim bo‘lib xizmat qilgan edi.

San’atshunoslar fikriga ko‘ra, Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980 yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan so‘ng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti”, “G‘urur”, “Jumboq” hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” dramasi, “Eshik qoqqan kim?”, “Eski shahar gavroshlari”, “Temir xotin” kabi komediyalari o‘zbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi. Garchi komediya janrida yaratilgan bo‘lsa-da, bu asarlar jamiyatning og‘riqli jihatlari, ko‘z yumib bo‘lmas illatlari, xalqimiz oyog‘iga tushov bo‘layotgan masalalarni, o‘zaro munosabatlardagi zalvorli muammolarni ko‘tarib chiqqani bilan qadrlidir.

Jumladan, xalqimiz tomonidan hamon katta qiziqish bilan tomosha qilinadigan “Temir xotin” komediyasi nainki yurtimizda, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnalashtirildi. Mazkur asar avval respublika miqiyosida o‘tkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qo‘lga kiritdi. So‘ngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o‘tkazilgan teatr festivalining mutloq g‘olibi, deb topildi.

Teatrshunos olimlar fikricha, ushbu pesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi. Sharof Boshbekov ssenariysi asosida “Ma’ruf va Sharif”, “Yuzsiz”, “Tilla bola” kabi filmlar yaratildi. Ustoz adib “Masxaraboz”, “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etgandi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali suratga olingan. Shu bilan birga “Tentak farishtalar”, “Zo‘rdan zo‘r chiqsa” kabi sahna asarlari ham mamlakatimiz teatrlarida muvaffaqiyat bilan namoyish etildi.

Manbalarga ko‘ra, ustoz yozuvchining hajviy hikoyalari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining “Yilning eng yaxshi hajviy asari” mukofotiga munosib ko‘rilgan edi. “Mushtum” jurnalida e’lon qilingan turkum publitsistik maqolalariga jurnalning “Yilning eng yaxshi publitsistik asari” mukofoti berilgan edi.

Mustaqillik yillarida Sharof Boshbekov “O‘yin”, “Doka ro‘molning qurishi” telefilm ssenariylarini yozdi. “So‘qmoq”, “Mehr va mauzer” kinopovestlarini yaratdi. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, “Falakning gardishi”, “Musofir bo‘lmaguncha”, “Tentak farishta”, “Charxpalak”, “Tanlangan asarlar” kabi to‘plamlari nashr etilgan. Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun 2021 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

Sharof Boshbekov 1996 yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Hayotda Sharof aka to‘g‘riso‘z, samimiy, oddiy, odamgarchiligi butun inson sifatida ko‘plarimizning, umuman adabiyot muxlislari, shogirdlarida tasavvur qoldirgan, mehr uyg‘otgan inson edilar. Ustoz rostgo‘y, ijodga, adabiyotga, o‘z qalamiga doim sodiq bo‘lgan zahmatkash inson sifatida barchamiz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri