Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasi 2006-yil 27-martda qabul qilingan va 2009-yil

16-martda kuchga kirgan. Bugungi kunda Singapur shartnomasi dunyoning 54 ta mamlakati hududida amal qiladi. Undan kutilgan maqsad, tovar belgilari sohasida ishlovchi va shu soha ishtirokchisi bo‘lgan barcha mamlakatlar hamda regional tashkilotlarda tovar belgilariga huquqiy muhofaza olish tizimi foydalanuvchilari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratishdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Singapur shartnomasini (Singapur, 2006-yil 27-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, mazkur shartnoma ratifikatsiya qilinishi bilan tovar belgilariga oid mavjud xalqaro normalarni modernizatsiya qilish, xususan, hujjatlarni elektron shaklda topshirish, elektron imzodan foydalanish, noodatiy tovar belgilarini (tovush, golografik belgilar) tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish kabi tartiblar joriy etiladi. Shuningdek, uyg‘unlashtirilgan tartib-qoidalar va standartlashtirilgan hujjat shakllari bir necha davlatlarda va O‘zbekistonda tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazishga intilayotgan mahalliy va xorijiy korxonalarning vaqti va mablag‘i tejaladi.

Bundan tashqari, tovar belgisidan foydalanishga oid litsenziya hamda huquqni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda maksimal talablarning joriy etilishi natijasida ortiqcha hujjatlarni taqdim qilish bartaraf etiladi. Bu orqali milliy va xorijiy tovar belgisidan shartnoma asosida foydalanish soni oshadi.

Muhokamalarda deputatlar mazkur hujjatning mamlakatimizda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga xizmat qilishini e’tirof etib, uni keyingi o‘qishda qabul qilishdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA