Kuni kecha Eronda Prezident Ibrohim Raisiy va boshqa bir necha yuqori lavozimli rasmiylar vertolyot halokatida nobud bo‘lgach, birinchi vitse-prezident Muhammad Muxbir muvaqqat prezidentlik kursisini egalladi.
Muhammad Muxbir 1955 yil 1 sentyabrda Dizfulda tug‘ilgan. Shahid Beheshti universitetida xalqaro huquq bo‘yicha magistr va doktorlik, Dizful universitetida menejment bo‘yicha doktorlik darajasiga ega.
Turli vaqtlarda u Dizful telekommunikatsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori, Xuziston viloyati gubernatori o‘rinbosari, Xuziston telekommunikatsiya kompaniyasining ijrochi vitse-prezidenti va boshqaruvchi direktori lavozimlarida ishlagan. «Sina Bank» boshqaruvi raisi bo‘lgan.
Keyinchalik Muxbir Mostazafan jamg‘armasining savdo va transport bo‘yicha o‘rinbosari, Eronning «Irancell” telekommunikatsiya kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. 2007 yilda u Eron oliy rahbari Oyatullox Ali Xomaneiyning bevosita nazorati ostidagi «Setad» davlat jamg‘armasini ham boshqargan.
2021 yilda ushbu mulozim Eronning birinchi vitse-prezidenti etib tayinlanadi. Qiziq tomoni, 2010 yilda Yevropa Ittifoqi Muxbirni “yadro va ballistik raketa bilan bog‘liq faoliyat”da ishtirok etgani uchun sanksiyalangan jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxatiga kiritgandi. Oradan ikki yil o‘tgach, uni ushbu ro‘yxatdan o‘chirishadi. Ammo AQSH Moliya vazirligi 2021 yil yanvar oyida unga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.
Joriy yilning 19 may kuni Ozarbayjon safaridan qaytayotganda aviahalokatga uchragan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy, Oyatullohning hududdagi vakili Muhammad Ali Al-Hoshim va Prezident qo‘riqchilari boshlig‘i Sayyid Mehdi Musaviy, ikki uchuvchi hamda texnik zobit vafot etgani tasdiqlangandan so‘ng Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, Muhammad Muxbir vaqtincha prezident vazifalarini bajarib turadi.
Shuningdek, u parlament spikeri va Eron sud tizimi rahbari bilan birgalikda Raisiyning vafotidan keyin 50 kun ichida o‘tkaziladigan yangi saylovlarni tashkillashtiruvchi kengash a’zosi bo‘ladi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi, O‘zA