Toshkent Moliya universiteti sport majmuasida milliy va xorijiy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida kurash bo‘yicha respublika turnirining final musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik shiddatli bellashuvlarda erkaklar 4 ta, ayollar 3 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
– Davlatimiz rahbar tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorda Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida xalqaro kurash musobaqasini tashkil etish belgilangan. Shu maqsadda o‘tkazib kelinayotgan bu yilgi musobaqalarning saralash bahslari joylarda bo‘lib o‘tdi va final bosqichiga yetib kelindi. Aytish lozimki, hozircha ushbu turnirga barcha oliy ta’lim dargohlarini qamrab ola bilmadik. Kelgusi yillardan mamlakatimizdagi xorijiy va xususiy ta’lim muassasalarini ham kurash musobaqalariga jalb qilishni rejalashtirganmiz, – dedi O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining o‘rinbosari Uyg‘un Umarov.
Murosasiz bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi talabalari 1 ta oltin, 2 ta kumush, Toshkent shahri vakillari 1 ta oltin, 1 ta kumush, buxoroliklar 1 ta oltin, 3 ta bronza medallari jamg‘arishib, umumjamoa hisobida yetakchilik qilishdi.
O‘z vazn toifalarida Abdulbosit Abdusalimov, Nodirbek Mavlonberdiyev, Sardor Rahmatov, Jahongir Mamatrahimov, Maftuna Xolmatova, Asal Djalg‘asbayeva va Pokiza Kamoliddinovalar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Riza Nassiri ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA