Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I 18-20 may kunlari Qozog‘iston va Tojikistonga tashrif buyurib, Prezident Qosim-Jomart Toqayev va Imomali Rahmon, hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lgan masalalar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan SHHT, BMT, shuningdek “Markaziy Osiyo + Xitoy” formati doirasida aloqalarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Shu kunlarda Van I Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ning vazirlar uchrashuvida ishtirok etmoqda.
***
AQSH qo‘shinlari Nigerdan shu yilning 15 sentyabrida olib chiqib ketiladi. Bu haqda amerikalik harbiylarning mamlakat poytaxti Niameyga safaridan keyin qabul qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.
***
Turkiyada Eron Prezidenti Raisiyning fojiada halok bo‘lgani munosabati bilan bir kunlik motam e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an Vazirlar Mahkamasi majlisidan keyin ma’lum qildi.
Ayni payt Eronning o‘zida 5 kunlik umummilliy motam e’lon qilingan. Bundan tashqari, Livan, Pokiston, Iroq, Suriya va Tojikistonda ham motam e’lon qilingan.
***
Oq uy AQSHning Eronga ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha qo‘llayotgan sanksiyasi tufayli Prezident Raisiy o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi, qabilidagi ayblovlarni rad etishini ma’lum qildi. AQSH Davlat departamenti 45 yillik vertolyotdan noqulay ob-havo sharoitida foydalangani uchun Eron hukumatini aybladi.
***
Moldovada prezidentlik saylovi joriy yilning 20 oktyabr sanasida o‘tkaziladi, deb xabar tarqatdi “RIA Novosti”.
O‘tgan yil 24 dekabrda amaldagi Prezident Mayya Sandu ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yish rejasi borligini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, u parlamentga fuqarolar respublikaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirish uchun referendum o‘tkazish tashabbusini ham ilgari surgandi. Sanduning taklifiga binoan, prezidentlik saylovi va referendum bir kunda bo‘lib o‘tishi kerak.
***
Fransiya Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Bosh prokurori Karim Xanning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, mudofaa vaziri Yoava Galant va XAMAS harakatining uch nafar yetakchisini qamoqqa olish uchun order berilishiga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatini qo‘llab quvvatlaydi.
– Fransiya Xalqaro jinoiy sud mastaqilligini, uning har qanday holatda ham jazosizlikka qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlaydi, – deyiladi Fransiya TIV saytida e’lon qilingan bayonotda.
***
O‘tgan shanba kuni Afg‘onistonning Faryob va Gor viloyatlarida kuchli yomg‘ir va to‘satdan yuzaga kelgan suv toshqini tufayli 120 kishi halok bo‘lgan, deb yozdi «Sinxua» axborot agentligi.
Tabiiy ofat qurbonlari soni ortishi mumkin, chunki bedarak yo‘qolganlar ham bor, deyiladi xabarda.
***
Venesuela muzliklardan ayrilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi, deyiladi xorijiy ommaviy axborot agentliklari tarqatgan xabarda. So‘nggi yuz yilda mamlakat 6 ta muzlikdan ajraldi. Eng so‘nggisi Gumbold muzligi bo‘ldi.
“Accu Weather” portalining yozishicha, tadqiqotchilar buning sababini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq, deb hisoblashmoqda.
2020 yil ma’lumotiga ko‘ra, Venesuela muzliklari maydoni 1952 yildan to 2019 yilgacha 98 foizga qisqargan.
S.Rahimov,
O‘zA