Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan «Shaharsozlik evolyutsiyasi: O‘zbekiston va Koreya innovatsion qurilish yo‘lida» mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda koreyalik mutaxassislar, 30 dan ortiq xalqaro hamkorlar, 70 dan ziyod loyiha institutlari hamda mahalliy tashkilotlar vakillari, qator soha ekspertlari ishtirok etdi.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad – «O‘zbekiston shaharsozlik normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish» hamkorlik loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda bu orqali mahalliy qurilish texnologiyasini rivojlantirish va sohada milliy raqobatbardoshlikni mustahkamlashdan iborat.

– Xabaringiz bor, zamonaviy normalar va texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov. – Bunda asosiy e’tibor seysmik va yong‘in xavfsizligiga oid normativ hujjatlarni takomillashtirish, xorij ilg‘or tajribasiga tayanib, amaldagi shaharsozlik norma va qoidalarini modernizatsiya qilishga qaratildi. Shaharsozlik norma va qoidalarini xalqaro talablarga moslashtirishdan asosiy maqsad iqtisodiy-ijtimoiy samaradorlik, aholining turmush tarzini yaxshilash va xavfsizligini ta’minlashdan iboratdir. Tashkil etilgan mazkur seminar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi  hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi  hamda Koreya qurilish muhandisligi va texnologiyalar instituti  o‘rtasida  «O‘zbekiston shaharsozlik normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish» bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan. Hamkorlik loyihasi bo‘yicha ikki tomon kelishuviga ko‘ra 2022-2025-yillar mobaynida jami 256 ta, 2025-yilda 52 ta shaharsozlik normalari va qoidalarini Koreya tajribasi asosida modernizatsiya qilish belgilangan.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Koreya Xalqaro qurilish assotsiatsiyasi raisi Park Sun-ho tomonidan ham O‘zbekistonda shaharsozlik normalari va qoidalarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.

Shaharsozlik normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish hamkorlik loyihasi doirasida ishlarni samarali tashkil etish hamda loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot institutida yangi Xalqaro normalarni uyg‘unlashtirish boshqarmasi tashkil etilgan.

Mazkur boshqarma Amerika, Xitoy, Italiya, Koreya va mamlakatimizning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan, malakali, ilmiy xodimlar bilan to‘ldirildi. 2022-2024-yillar oralig‘ida jami 30 nafar soha mutaxassisi Koreya Respublikasida shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo‘yicha malaka va tajriba almashib qaytdi.

Seminar doirasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik loyihasini mustahkamlashdagi xizmatlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish sohasida erishgan natijalari uchun bir guruh ekspertlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

2022-yildan hozirgi kungacha 120 dan ortiq shaharsozlik norma va qoidalari koreyalik ekspertlar bilan birgalikda o‘rganib chiqildi. Yong‘in xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlarga tegishli shaharsozlik normalari va qoidalarini modernizatsiya qilish uchun takliflar tayyorlanib, Koreya qurilish tajribasi milliy shaharsozlik normalari va qoidalariga uyg‘unlashtirilmoqda.

Mazkur loyihaning birinchi bosqichini 2025-yilda muvaffaqiyatli yakunlab, ikkinchi bosqichni ham jadal suratlarda davom ettirish rejalashtirilgan.

 

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA