FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 23-aprel kuni mamlakatimizda start olgan xokkey bo‘yicha Osiyo-Okeaniya kubogi uchun o‘tgan musobaqalar yakuniga yetdi. Quvonarlisi, 10 ta jamoa qatnashgan chempionatning amaldagi g‘olibi sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston U18 terma jamoasi qatorasiga ikkinchi bor bosh sovrinni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Hamyurtlarimiz final bahsida tailandlik tengqurlarini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 3-o‘rin esa Mo‘g‘uliston jamoasiga nasib etdi.
Final bahsidan so‘ng, ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida g‘olib va sovrindor jamoalarni, turli nominatsiya egalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Keskin va murosasiz o‘tgan uchrashuvlarda faollik ko‘rsatgan 10 ta jamoa vakillari saf tortgan hashamatli saroyda o‘tgan taqdirlash marosimida Xalqaro xokkey federatsiyasi, mamlakat Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA