Qozog‘istonda boks bo‘yicha turli yosh toifalarida o‘tayotgan Osiyo chempionatining bugungi dasturida yoshlar o‘rtasida janglar tashkil etiladi.
Ushbu yosh toifasida O‘zbekiston terma jamoasining 8 nafar bokschisi ringga ko‘tariladi. Jumladan, 51 kilogrammgacha vaznda Shakarboy Jo‘rayev — Aryan (Hindiston) bilan kuch sinashsa, -57 kg. vazn toifasida Nodirbek Allaberganov — Jatinga (Hindiston) qarshi jang qiladi.
Shuningdek, -63,5 kg.da Abdulloh Tohirov — Chee Gerald (Singapur), -71 kg.da Samandar Habibullayev — Ilham Nazarov (Turkmaniston), -80 kg.da Javohir Mehriddinov — Sam Estaki (Eron), -92 kg.da Halimjon Mamasoliyev — Abudu Paheerding (Xitoy), -52 kg.da Zilolaxon Yusupova — Panisa Kattipirot (Tailand) -60 kg.da Rahima Bekniyazova — Zolbo Sainbayar (Mo‘g‘iliston) o‘rtasida bellashuvlar o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, kuni kecha chempionatning 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda Mushtariybonu Ibrohimjonova, Shavkatjon Boltayev, Jahongir Zokirov, Javohir Ummataliyev, Sayat Ilyasov o‘z vazn toifalarida zafar quchdi.
Afsuski, ayollar o‘rtasida -54 kg. vaznda mamlakatimiz sharafini himoya qilishi kutilgan Nigina O‘ktamova kichik jarohati tufayli musobaqada ishtirok eta olmadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA