Lavrov Tojikiston TIV rahbariga Rossiya chegarasidagi tekshiruv sababini tushuntirdi

Bugun Rossiya tashqi ishlar idorasi rahbari Sergey Lavrov Tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida Lavrov RF maxsus xizmatlari tomonidan mamlakatda terrorizmning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida qo‘shimcha ma’lumotlar ulashdi.

Joriy yil 29-aprel kuni Tojikiston TIV rus elchisiga Rossiyada tojik fuqarolari huquqi buzilayotganidan norozilik bildirgan.

Sergey Lavrovning aytishicha, mamlakatga kelayotgan xorijliklar sinchiklab tekshirilishi “Crocus City Hall”dagi terakt bilan bog‘liq va bu amaliyot muayyan millat yoki dinga qarshi qaratilgan emas. Vazir tekshiruv vaqtincha ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

“Tomonlar Rossiya – Tojikiston o‘rtasidagi vaqt sinovidan o‘tgan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatiga amal qilish, mavjud ijobiy dinamikani saqlab qolish va mustahkamlash zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrga ega”, – deyilgan Rossiya TIV matbuot xizmati xabarida.

Tojikiston TIV 28-aprel kuni respublikaning mingga yaqin fuqarosi Moskva aeroportlarida qolib ketgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari xorijiy nashrlar 22-apreldan beri Orenburg viloyatidagi Qozog‘iston – Rossiya chegarasida Tojikiston davlat raqamiga ega 180 ga yaqin avtomobil qolib ketganini yozgan. So‘ng Tojikiston tashqi siyosat idorasi o‘z fuqarolariga o‘ta zarur bo‘lmasa, Rossiyaga har qanday turdagi transportda sayohat qilishdan vaqtincha voz kechishni tavsiya qildi.

27-aprel kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova tekshiruvni “Crocus City Hall”dagi teraktdan keyin kuchaytirilgan xavfsizlik chorasi bilan izohladi.

Qozog‘iston sobiq ichki ishlar vaziri qo‘lga olindi

Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umboyev qo‘lga olindi. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi ma’lum qildi.

Respublika Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bu voqeaga izoh bermagan. Keyinchalik Bosh prokuratura ma’lumotni tasdiqlab, ishda davlat siri borligi, shuning uchun tafsilot oshkor etilmasligini aytdi. Turg‘umboyev 2022-yil yanvardagi voqealar munosabati bilan mansab vakolatini suiste’mol qilish moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushlangan. 20-mart kuni u prokuratura tomonidan so‘roq qilingan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasidagi akkreditatsiyasi tugagach, u Ostonaga qaytib kelgan va jinoiy ish ayblanuvchisiga aylangan.

Yerlan Turg‘umboyev 2019-yildan buyon Ichki ishlar vazirligini boshqarib kelgan, 2022-yil fevralda yanvar voqealari tufayli lavozimidan ozod etilgan. Shundan so‘ng u qariyb olti oy prezident maslahatchisi sifatida ishladi, 2023-yil esa SHHT MATT maslahatchisi etib tayinlangandi.

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 648 ming so‘m etib belgilandi

O‘zbekiston Statistika agentligi tomonidan, “Aholining minimal iste’mol xarajati qiymati va kambag‘allik chegarasini hisoblash tartibi to‘g‘risida nizom”ga asosan, eng kam iste’mol xarajati qiymati qayta hisoblandi.

Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Statistika agentligi tomonidan 2024-yil 1-mayga qadar, yoqilg‘i-energetika resurslari narxi oshishini hisobga olgan holda, minimal iste’mol xarajati qiymatini qayta ko‘rib chiqish va e’lon qilish belgilangan.

Statistika agentligi shunga asosan eng kam iste’mol xarajati qiymatini hisoblab chiqdi.

2024-yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajati qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etadi. 2024-yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘m edi.

Ma’lumot uchun: 2022-yil minimal iste’mol xarajati qiymati 498 ming so‘m etib belgilangan, 2021-yil bu ko‘rsatkich 440 ming so‘mni tashkil etgan.

Qirg‘iziston hukumati inson huquqi himoyachilarini

ta’qib qilmaslikka va’da berdi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari bilan uchrashib, “Chet el agenti to‘g‘risida”gi yangi qonun NNT faoliyatini cheklashga qaratilmaganini ta’kidladi.

– Barcha huquq va erkinlik saqlab qolingan, huquq himoyachilari mamlakat siyosiy hayotida erkin ishtirok etishi mumkin, – dedi Baysalov. – Yagona talab – ro‘yxatga olish. Butun dunyoda shunday. Hech qanday ta’qib bo‘lmaydi. Biz NNTning mamlakatimiz farovonligi yo‘lidagi faoliyatidan manfaatdormiz.

Avvalroq xorijiy mustaqil nashrlar huquq himoyachilari bilan bog‘liq xavf-xatar, davlat idoralarining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashuvi ehtimoli va majburiy moliyaviy tekshiruv xavfidan xavotir bildirgan edi. Yangi qonunchilik yuzasidan savol ko‘p, aksariyat bandlar, qonunga qarshilar fikriga ko‘ra, hayotiy emas.

Qirg‘iziston Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, yangi qonun uchun nizom va norma ishlab chiqilmoqda. Batafsil ma’lumot keyinroq, ya’ni o‘zgarish, qo‘shimchalar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandan so‘ng taqdim etiladi.

Aprel oyi boshida Prezident Sadir Japarov imzolagan “Xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy tashkilotlar va nohukumat birlashmalari tanqidiga uchragan edi.

Turkmaniston va Afg‘oniston Hirotda podstansiya qurilishini yakunladi

Afg‘onistonning “Da Breshna Sherkat” elektr kompaniyasi rahbariyati va Turkmaniston delegatsiyasi yaqinda Hirotda “Nur ul-Jihod” kichik stansiyasi loyihasini tezroq yakunlash masalasini muhokama qildi.

Uchrashuvda “DABS” kompaniyasi bosh direktori Mavlaviy Abdul Rahmon qurilishining borishi haqida so‘z yuritdi va ish poyoniga yetayotganini ta’kidladi.

Ikki tomon o‘rtasida barcha texnik masalalar hal etilgach, majmuani ishga tushirishga qaror qilindi.

Turkmaniston Energetika vazirligining Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro elektr energetikasi loyihalari boshqarmasi boshlig‘i Murat Ortiqov “Nur ul-Jihod” kichik stansiyasini barpo etishdagi hamkorlikni yuqori baholadi va loyiha imkon qadar tezroq yakunlanishiga ishonch bildirdi. Yaqin kelajakda texnik masalalar protokoli bo‘yicha ish yakunlanishini ta’kidladi.

Substansiya Turkmanistondan Hirotga elektr energiyasi uzatilishini sezilarli darajada oshirishi kutilyapti. Elektr quvvati taqchilligi muammosini hal etish mahalliy ishlab chiqarish va umuman iqtisodiyot o‘sishga, qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga va mintaqada ishbilarmonlik faollashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tayin.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA