Toshkent va Samarqand shaharlarida U18 yosh toifasidagi xokkeychilar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya chempionati yakunlandi. Unda jami 10 ta terma jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda ishtirok etdi.

Mazkur musobaqaning final bahsida O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu o‘yinda jamoamiz safida Timur Habibov va Abduqayum Abduvosiqov shaybalarni raqib darvozasiga aniq joylab qo‘ydi hamda 2:1 hisobidagi g‘alabamizni ta’minladi. Bu natija esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi uchun musobaqa kubogini taqdim etdi.

Shuningdek, 3-o‘rin uchun kechgan bahsda Mo‘g‘uliston termasi BAA terma jamoasini 4:2 hisobida mag‘lub etdi va bronza medallariga ega chiqdi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida birinchi marotaba o‘tkazilgan mazkur musobaqada O‘zbekiston U18 terma jamoasi beshta o‘yinning barchasida zafar quchib, kubok egasiga aylangan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA